Mirziyoyevning Turkiyaga ikki kunlik tashrifi eng muhim jihatlariga nazar (maxsus fotoreportaj)

Tahlil

image

Xabaringiz bor, joriy yilning 19-20 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Turkiya Respublikasida bo‘ldi. Bu Shavkat Mirziyoyevning prezidentlikka kirishganidan buyon Turkiyaga amalga oshirgan uchinchi tashrifi sanaladi. 

2016 yilning noyabr oyida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga, so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil oktyabr oyida Turkiyaga amalga oshirgan tashrifida keyin ikki mamlakat munosabatlarida iliqlik yuzaga keldi. 

2018 yilda esa Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an uch kunlik tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. O‘shanda Prezident Mirziyoyev ikki mamlakat o‘rtasiga muz tushib qolgani va Prezident Erdo‘g‘an bilan birga bu muzlarni eritganini aytgandi. 

Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga amalga oshirgan galdagi tashrifi ham tarixiy ahamiyatga ega. Shu bois tashrifning muhim nuqtalariga e’tibor qaratsak.


19 fevral. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Anqaraning Esobag‘u aeroportidan Turkiya davlati asoschisi, davlat va siyosat arbobi Mustafo Kamol Otaturk dafn etilgan Anitkabir yodgorlik majmuasiga borib, Otaturk maqabrasiga gulchambar qo‘ydi.

Shundan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Anqara shahri Beshtepa mavzesida joylashgan qarorgohiga tashrib buyurdi. Bu yerda O‘zbekiston Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Tashrifning asosiy tadbirlari Prezidentlar o‘rtasidagi yakkama-yakka uchrashuvdan boshlandi. Unda davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari haqida gaplashdi. 

O‘zaro manfaatli imkoniyatlarni ishga solish, yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

Transport sohasidagi aloqalarni kengaytirishga, Turkiya orqali Yevropaga multimodal xalqaro tashuvlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. 

Intensiv bog‘dorchilik, baliqchilik, chorvachilik, naslchilik yo‘nalishlarida Turkiyaning ilg‘or tajribasini o‘zlashtirish, universitetlar va ilmiy markazlar bilan qo‘shma tadqiqotlar olib borish masalalari muhokama qilindi. 

O‘zbekistonda zamonaviy qo‘shma klinikalar va diagnostika markazlari tashkil etish, kichik biznes, to‘qimachilik kabi yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish taklifi ko‘rib chiqildi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an raisligida Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Bu kengash ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi muloqot formatidir. U 2018 yili davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotiga muvofiq tuzilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish uchun Rajab Toyib Erdo‘g‘anni O‘zbekistonga taklif qildi.

Yakkama-yakka uchrashuv va strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishidan so‘ng Prezdentlar qo‘shma bayonotni imzoladilar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga brifing berdilar. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan tashabbus va islohotlar jarayoni uchun minnatdorlik bildirgan Prezident Erdo‘g‘an, ushbu keng qamrovli islohotlar jarayonida O‘zbekistonning muvaffaqiyati uchun har tomonlama yordam berishga tayyorligini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi do‘stona aloqalar tarixida yangi sahifa ochgani, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, madaniy-gumanitar sohalarga oid ko‘plab masalalar atroflicha muhokama qilinganini ta’kidladi.  

O‘zbekiston rahbari so‘zida davom etarkan, so‘nggi ikki O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarida yangi sahifa ochib berganini urg‘uladi.

Rasmiy tadbirlar yakuniga yetgach, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva sharafiga Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va uning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an xonim tomonidan qabul marosimi tashkil etildi.

Tadbirda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyasi a’zolari, davlat va jamoat arboblari ishtirok etdi.

 

20 fevral. Prezidentlar – Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an, birinchi xonimlar – Ziroat Mirziyoyeva va Emina Erdo‘g‘an Davlat qabullar uyida nonushta qildilar. 

Shavkat Mirziyoyev Anqara shahrida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan uchrashdi.

Muzokaralar natijasida "Ronesans Holding" bilan "O‘zbekiston metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga 630 million yevro ajratadi.  

Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga 4,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritiladi. 

Shuningdek, shifoxonalar va savdo markazlarini qurish bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarlik yangi loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi – mamlakat birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Turkiya Respublikasi Prezidenti devonining Xalq kutubxonasi ochilish marosimida faxrli mehmon sifatida ishtirok etdilar. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu yangi kutubxonaga 350 dan ziyod turli mavzudagi kitoblarni, jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan “Usmon Mushafi”ning mohir xattotlar tomonidan ko‘chirilgan nusxasini sovg‘a qildi. 

Marosimda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. “Agar azim Anqara Turkiya mamlakatining toji bo‘lsa, ushbu kutubxona ana shu tojga o‘rnatilgan eng yorqin, eng go‘zal gavharlardan biri bo‘libdi”, deydi Mirziyoyev. 

Kutubxonaning faxrli mehmonlariga Noyob kitoblar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Turkiya Prezidenti O‘zbekiston rahbariga shunday nodir asarlardan birini sovg‘a qildi.

Kutubxona bilan tanishuv jarayonida Prezidentlar Turkiyada suratga olinayotgan Jaloliddin Manguberdi serialida rol ijro etayotgan aktyorlar bilan uchrashdilar. 

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga navbatdagi rasmiy tashrifi yakuniga yetib, kunning ikkinchi yarmida Prezident Anqaradan Toshkentga jo‘nab ketdi. Shavkat Mirziyoyev va Ziroat Mirziyoyevani Tukrkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va uning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an kuzatib qo‘ydi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

181

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing