Mirziyoyevning Singapurga tashrifi 3 kundan 1 kunga qisqartiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga 16–18 yanvarga belgilangan davlat tashrifi qisqartirildi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 16 yanvar kuni Prezident huzurida energiya resurslari ta’minoti yuzasidan bo‘lib o‘tgan  yig‘ilishda Prezident energetika va kommunal tizimlarda yuzaga kelgan ahvolni inobatga olib Singapurga tashrif davomiyligini 3 kundan 1 kunga qisqartirishini e’lon qilgan. 

"Ushbu mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi qimmatli tajribasini o‘rganish lozimligi, qolaversa, ushbu davlatdan 4,7 milliard dollargacha qo‘shimcha investitsiya jalb qilish rejalashtirilgani uchun ham bu tashrif muhim ahamiyatga ega. Xususan, samarasiz ishlayotgan davlat korxonalarini xususiylashtirishga ham investitsiyalar jalb qilinadi", deyiladi Asadov bergan xabarda. 

3 kunga belgilangan davlat tashrifi haqida berilgan dastlabki ma’lumotlarda Prezident Mirziyoyev Singapur Prezidenti Halima Yaqub va mamlakat Bosh vaziri Li Syan Lun bilan oliy darajada uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan edi. 

Shuningdek, kun tartibidan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Singapur munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari o‘rin olgan.

Savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida, shuningdek, davlat boshqaruvi va yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasidagi amaliy hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolash uchun tayyorlanayotgani aytildi.

Bundan tashqari, Prezident Mirziyoyev Singapurning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazishi belgilangandi. 

Prezident Matbuot kotibi Asadov mamlakat rahbarining Singapurga davlat tashrifi qisqartirilishi ortidan qaysi tadbirlar bekor qilinishiga aniqlik kiritmagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing