Mirziyoyev Japarov bilan muhim masalalarni kelishib oldi: transport va suv-energetika sohalari muzokara markazida

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Muzokaralarda asosiy e’tibor ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga qaratilgan.

Ta’kidlanishicha, bu boradagi ko‘rsatkichlar ijobiy dinamikaga ega. Xususan, so‘nggi to‘rt yilda o‘zaro savdo besh barobardan ziyodga o‘sgan va 900 million dollardan oshgan.

Davlat rahbarlari o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish strategik sheriklikning ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidlagan. Savdo aylanmasini diversifikatsiya qilish va nomenklaturasini kengaytirish orqali kelgusi yillarda uning hajmini ikki barobar ko‘paytirish imkoniyati borligi qayd etilgan.

Shu maqsadda ikki mamlakat bozorlarida xaridorgir bo‘lgan, shu jumldan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar yetkazib berish, tashqi savdo infratuzilmasi va eksport-import operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlashga kelishib olingan. Savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya muhim o‘rin tutayotgani e’tirof etilgan. Kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida hukumat rahbarlariga komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini tez orada o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan. Savdo uylari faoliyatini kengaytirish, biznes-forumlar va sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalarini o‘tkazish zarurligi ta’kidlangan.

Qayd etilishicha, uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib olingan. Bular, xususan, Qirg‘izistonda yengil avtomobillar, qishloq xo‘jaligi texnikalari, maishiy texnikalarni yig‘ishni tashkil etish, shuningdek, chegaraoldi hududlarda to‘qimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalardir.

E’lon qilingan kapitali 200 million AQSH dollari bo‘lgan O‘zbekiston – Qirg‘iziston investitsiya jamg‘armasi tashkil etilishi belgilangan, ikki mamlakat hukumatlariga uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Prezident Matbuot xizmatiga ko‘ra, transport sohasi va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish – O‘zbekiston va Qirg‘iziston hamkorligining muhim yo‘nalishi. Bu boradagi sa’y-harakatlar tashqi bozorlarga yaqin va samarali chiqishni ta’minlaydi. Ayniqsa, “O‘zbekiston –  Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘lining qurilishi strategik ahamiyatga ega.

Prezidentlar mazkur yo‘lning qisqa vaqtda barpo etilishi ikki mamlakat manfaatlariga to‘liq mos kelishi, mintaqaning tranzit salohiyatini yuzaga chiqarib, jozibadorligini oshirishini alohida ta’kidlagan. Shu bois, ushbu muhim loyiha bo‘yicha ishlarni birgalikda davom ettirishga kelishib olingan.

“Toshkent-Andijon-O‘sh-Irkishtom-Qashg‘ar” xalqaro multimodal yo‘nalishi ham savdo hajmi ortishiga xizmat qiladi. Shuningdek, ikki davlat shaharlari o‘rtasida avtobus, temir yo‘l va aviaqatnovlarni qayta tiklash yuk tashish, yo‘lovchi va turistlar oqimining ko‘payishida muhim omil bo‘ladi.

Aloqalarning yana bir katta yo‘nalishi – hududlararo hamkorlik. Bu borada 2017 yil 5 sentyabrda hukumatlar o‘rtasida bitim hamda ikki mamlakat viloyat va shaharlari o‘rtasida kelishuvlar imzolangan. 2018 yilda Hokimlar va chegaradosh viloyatlar ma’muriyatlari rahbarlari kengashi tuzilgan.

Uchrashuvda hududlararo hamkorlikni yana faollashtirib, erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash, chegaraoldi viloyatlarni kompleks rivojlantirish, davlat chegarasidan o‘tkazish punktlarida aholi uchun qulay sharoitlar yaratish zarurligi ta’kidlandi. Ushbu kelishuvlarni tashrif arafasida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hamda O‘sh, Jalolobod, Botken va Norin viloyatlari tomonidan kelishib olingan “yo‘l xaritalari” doirasida amalga oshiriladi.

Tomonlar Markaziy Osiyodagi suv-energetika resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi. Bu yo‘nalishdagi hamkorlikning uzoq muddatli barqaror mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishildi. O‘zbekiston Qirg‘izistonda gidroenergetika loyihalarini amalga oshirishda qatnashishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashning muhim omili bo‘lgan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Fan, ta’lim, madaniyat, sport va turizm kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yakdil fikr bildirildi. Davlat rahbarlari madaniy almashinuvlar ikki xalq o‘rtasida o‘zaro tushunish va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlab, madaniyat kunlari va boshqa gumanitar tadbirlarni qayta tiklashga kelishib oldi.

Qirg‘iziston Prezidenti koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida, jumladan, dori-darmon va tibbiyot vositalari yetkazib berish borasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

57

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing