Mirziyoyev jahon chempionatiga chiqqan futbolchilarni taqdirlashini aytdi (video)
Sport
−
06 iyun 31712 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabidagi (BAA) o‘yindan so‘ng futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolariga qo‘ng‘iroq qilib, ularni tarixiy yutuq - ilk bor jahon chempionatiga chiqqani bilan samimiy tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari o‘z tabrigida bu g‘alaba butun O‘zbekiston xalqining yutug‘i ekanini aytgan. Prezident telefon suhbati davomida yangi farmon imzolashini aytdi. Unga ko‘ra, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze boshchiligidagi terma jamoa a’zolariga “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni beriladi.
Suhbat davomida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov esa FIFA Prezidenti Janni Infantinoning O‘zbekiston rahbariga va butun xalqqa yo‘llagan tabrigini yetkazdi.
Ma’lumot uchun, kecha, 5 iyun kuni Jahon chempionati-2026 turniri Osiyo mintaqasi saralash bosqichi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasi O‘zbekiston milliy terma jamoasini o‘zining “Al-Nahayyon” stadionida qabul qildi va o‘yin 0:0 hisobida yakunlandi.
Ushbu bellashuvda qayd etilgan durang natijasi bilan Temur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati yo‘llanmasini rasman qo‘lga kiritdi.
Bellashuvni avstraliyalik elit referilar brigadasi boshqardi. FIFA hakami Shon Evans maydondagi asosiy nazoratni olib bordi.
Ushbu g‘alaba 34 yil kutilgan natija deb baholandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Jahon chempionati-2026 turniri Osiyo mintaqasi saralash bosqichi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasiga qarshi bahs olib borib, jahon chempionatiga yo‘llanma olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolarini tabriklagandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr