Mirziyoyev yig‘ilish o‘tkazdi. Muhokama markazida – kimyo sanoati
Jamiyat
−
17 noyabr 2021
5584Bugun, 17 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va yangi loyihalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Mamlakat iqtisodiyotida olib borilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar bugun natijadorlikka aylanmoqda. Xususan, kimyo sanoatida so‘nggi besh yilda umumiy qiymati 2 milliard 100 million dollarlik 16 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 3 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Yana bir muhim jihati, sohaga xususiy sektor kirib kelib, ular tomonidan 45 million dollarga teng 8 ta loyiha ishga tushirildi.
Shu besh yilda kimyo sanoatida ishlab chiqarish 1,5 barobarga, eksport hajmi 190 million dollardan 310 million dollarga ko‘paydi. Korxonalarning umumiy sof foydasi 8 barobardan ziyod o‘sib, joriy yil yakuni bilan 1 trillion so‘mdan oshishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 fevraldagi qaroriga muvofiq kelgusida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Navoiy va Farg‘ona viloyatlarida yana 4 ta yuqori qiymatli tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan texnologik kimyo klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ularda uglerod, poliefir va atsetat tolasi, polivinilatsetat, kaliy nitrati kabi 20 dan ziyod mahsulot ishlab chiqariladi.
Yig‘ilishda ushbu klasterlar va istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Davlat rahbari bu loyihalar tarmoqdagi ulkan imkoniyatlarga nisbatan yetarli emasligini, investitsiya jalb etib, mahsulotlarni ko‘paytirish mumkinligini ta’kidladi.
Kelgusi yilda ishlab chiqarish hajmini 12 trillion so‘mga, eksportni 380 million dollarga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Sohani raqamlashtirish, korxonalarda operatsion xarajatlar va energiya sarfini qisqartirish orqali mahsulot tannarxini kamaytirish vazifasi qo‘yildi.
Qayd etilganidek, umumiy qiymati 740 million dollarlik 4 ta yirik loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlanadi. Shuningdek, kelgusi yilda suyuq kompleks o‘g‘itlar, karbamid formaldegid smolasi, gidroksipropil-metilsellyuloza, kalsiy xlorid kabi yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Mutasaddilarga ushbu loyihalar ijrosini doimiy nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Korxonalarni transformatsiya qilish, ularga zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv tizimini joriy etish ishlarni izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Yangi korxonalarni kadrlar bilan ta’minlash ham muhim masala. Shu maqsadda kelgusi yilda 6 ming nafar oliy va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash mo‘ljallangan. Tarmoqdagi 6 ta korxona negizida o‘quv markazlari hamda Chirchiq shahrida ishchi-mutaxassislar tayyorlash majmuasini ishga tushirish belgilangan.
Mutaxassislarni kimyo sanoatining bugungi rivoji va ish beruvchining talablari asosida tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda belgilangan vazifalar bo‘yicha tegishli hujjatlar qabul qilinib, ijrosi ta’minlanadi.
LiveBarchasi