Mirziyoyev YeI delegatsiyasini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 27 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela hamda Kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni joriy yil oktyabr oyida Bryusselga oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish orqali rivojlantirish masalalari muhokama qilingan. Yevropa Ittifoqi vakillari O‘zbekiston Prezidentiga Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning samimiy salomlarini yetkazgan.

O‘zbekiston yetakchisi yevrokomissarlarni Toshkentda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” uchinchi iqtisodiy forumi va Transkaspiy transport yo‘lagi va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha investorlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda yakunda mintaqaviy miqyosdagi bir qator yangi qo‘shma loyihalar ishga tushirilgani bilan tabriklagan.

“O‘zbekiston – Yevropa munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi keng qamrovli kun tartibi shakllangani mamnuniyat bilan qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Bu yil Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KSHHB) imzolangan, Samarqand va Bryusselda sammitlar bo‘lib o‘tdi, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi yuzasidan Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar yakunlandi.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash qariyb 7 foizga o‘sdi. KSHHBning amaliyotga joriy etilishi savdo hajmi va investitsiyalar oqimining sezilarli darajada oshishiga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Savdoni kengaytirish va diversifikatsiya qilish uchun hamkorlikning institutsional mexanizmlarini yanada takomillashtirish, sanoat kooperatsiyasi, transport, raqamlashtirish, muhim minerallar, energetika, sog‘liqni saqlash va boshqa ustuvor sohalarda hamda yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish zarurligi qayd etilgan.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyida Bryussel shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Evropa Ittifoqi Yozef Sikela Marta Kos

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing