Mirziyoyev Yaponiya TIV rahbari bilan uchrashdi
Jamiyat
−
27 avgust 3203 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 avgust kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Takesi Ivaya Prezident Mirziyoyevga Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isibaning samimiy salomi va O‘zbekiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan yo‘llagan tabriklarini yetkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Faol muloqotlar davom etayotgani va amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Ivayaning o‘zbekistonlik mavqedoshi Baxtiyor Saidov bilan bugun o‘tkazgan Strategik muloqoti birinchi yig‘ilishining natijalari yuksak baholandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbari va yaponiyalik vazir siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikning aniq loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston-Yaponiya markazi faoliyatini kengaytirish va kelgusida uning negizida Yaponiyaning yetakchi universitetlari ishtirokida qo‘shma universitet tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi bo‘lajak sammitni o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 avgust kuni Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya rafiqasi bilan Samarqand shahriga kelgandi. Vazir va rafiqasi Samarqandda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabri poyiga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Bugun, 27 avgust kuni esa Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Toshkentga keldi. U rafiqasi bilan Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi yapon qabristoniga tashrif buyurib, u yerga ham gullar qo‘ydi. Takesi Ivaya o‘zbekistonlik mavqedoshi Baxtiyor Saidov bilan ham uchrashdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr