Mirziyoyev YAIMni 100 milliard dollarga yetkazishni reja qilganini aytdi
Biznes
−
24 mart 2022
15484Avval xabar berganimizdek, bugun, 24 mart kuni poytaxt Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshladi.
Forum ochilish marosimida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev kelgusi besh yilda mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollarga, yillik eksportini esa 30 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilayotganini aytdi.
Prezident investitsiyalarni jalb qilish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Uning qayd etishicha, mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish, biznes muhitini yanada yaxshilash yo‘nalishida amaliy takliflarni ishlab chiqish maqsadida 2022 yildan e’tiboran Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar Kengashi yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, “kraud-sorsing” platformasi va zamonaviy raqamli yechimlardan foydalangan holda, barcha tarmoqlar va hududlardagi investorlar va tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazish amaliyoti davom ettiriladi.
"Umuman olganda, amalga oshiriladigan islohotlarimiz natijasida keyingi 5 yil ichida yalpi ichki mahsulotimizni 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmlarini esa 30 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 80 foizga yetkaziladi.
Biz O‘zbekistonning 2030 yilga borib aholisi o‘rtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishiga erishishni maqsad qilib qo‘yganmiz", deydi Prezident.
LiveBarchasi