Mirziyoyev viloyat hokimlariga yangi vazifa yukladi
Jamiyat
−
12 aprel 2022 29195 2 daqiqa
O‘zbekistonda joriy yilning yakuniga qadar farmatsevtika mahsulotlari eksporti 105 mln dollarga yetkaziladi. Loyihalarni amalga oshirishdagi tashkiliy masalalarni hal qilishga shaxsan viloyat hokimlari mas’ul bo‘ladi. Bu haqda bugun, 12 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini farmatsevtika mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, yangi turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish chora-tadbirlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda so‘z bordi.
Mirziyoyevga ko‘ra, 1 iyulga qadar talab yuqori bo‘lgan 120 turdagi dori vositalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 3 yil muddatga kafolatli xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuziladi. Hozirgi kunda ushbu dorilar 300 mln dollarga chetdan olib kelinmoqda.
Bunda, ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan 25 turdagi dorilar 1 iyuldan xarid qilinadi. Kelgusi yildan esa 70 turdagi dorilarni ishlab chiqarish va sotib olish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda asosiy e’tibor onkologiya, gematologiya, endokrin va virusli kasalliklarni davolashga qaratiladi.
Joriy yilda kafolatli xaridlarga 300 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda mahalliy farmatsevtika korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar belgilandi. Jumladan:
• qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan xom ashyolar ro‘yxati Investitsiyalar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi va Farmatsevtika agentligi tomonidan tasdiqlanadi. Hozirgi kunda ushbu ro‘yxat 5 ta vazirlik tomonidan tasdiqlanadi va 5 yildan buyon yangilanmagan;
• mahalliy korxonalarning GMP sertifikatini olish bilan bog‘liq xarajatlari Farmatsevtika agentligi tomonidan qoplab beriladi;
• korxonalarni modernizatsiya qilishni moliyalashtirish To‘g‘ridan-to‘g‘ridan investitsiyalar jamg‘armasi ishtirokida amalga oshiriladi.
Yig‘ilishda yil yakuniga qadar 80 ta tumanni dorivor o‘simliklarni yetishtirishga moslashtirib, 7,5 ming gektarda plantatsiyalar tashkil etish (hozirda 600 gektar) vazifasi qo‘yildi.
Shu bilan birga, davlat rahbari eksportning asosiy qismi (84 foizi) Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlariga to‘g‘ri kelayotganiga e’tibor qaratib, qolgan viloyatlarda ushbu ko‘rsatkichlar qoniqarsiz ahvoldaligini tanqid qildi.
Live
Barchasi