Mirziyoyev vafot etgan mulozimning yaqinlariga hamdardlik bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Prezidentining davlat maslahatchisi, O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan atoqli davlat va jamoat arbobi Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshida vafot etgandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

“Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimizni amalga oshirishda Ismoil Jo‘rabekov mo‘’tabar yoshda bo‘lishiga qaramasdan, suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi sifatida xizmat qilib, o‘zining boy bilim va tajribasi, qimmatli maslahatlari bilan sohani rivojlantirish, yosh kadrlarni tarbiyalash ishlarida faol ishtirok etdi.

Taniqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon ustozi Ismoil Jo‘rabekovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi hamdardlik matnida.

Ismoil Jo‘rabekov 1931 yil 12 sentyabrda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. U qishloq xo‘jaligi va suv resurslari sohasida uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida ishlab, mamlakat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan.

Jo‘rabekovning nomi O‘zbekiston siyosiy doiralarida alohida hurmat bilgan tilga olinadi. 1990 yillarda davlat agrosanoatini boshqargan, 1994-1998 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, 2000-2004 yillarda esa O‘zbekiston Prezidentining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi, Hukumat raisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan Jo‘rabekov mamlakatda eng og‘ir o‘tish davrlarida turli topshiriqlarni bajarishda jonbozlik ko‘rsatgan. Hatto, hayotini xavf ostiga qo‘ygan. U Birinchi Prezident Islom Karimovning so‘zini ikki qilganlardan biri sanaladi.

Marhum o‘z xotiralarida Islom Karimov unga O‘zbekiston va Afg‘onistonni bog‘lab turuvchi ko‘prikni portlatib yuborishni buyurgani, biroq u buni amalga oshirmay, ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab qolganini aytgan.

Jo‘rabekov 9-11 chaqiriqlarda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti deputati bo‘lgan. U “Buyuk xizmatlari uchun”, “Do‘stlik” ordenlari, shuningdek, Tojikiston va sobiq ittifoqning bir qator yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev hamdardlik Ismoil Jo'rabekov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing