Mirziyoyev va Japarov bo‘lajak uchrashuvlari haqida gaplashib oldi

Jamiyat

image

Bugun, 19 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. Turli darajalarda o‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan ta’kidlangan. 

“Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengayib bormoqda – yil boshidan tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi. Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda beshta muhim yo‘nalish – Davlat chegarasiga oid masalalarda, savdo-sotiqni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, transport va energetika sohalarida qo‘shma infratuzilma loyihalarini ilgari surish borasidagi amaliy hamkorlikda aniq natijalarga erishishga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda.

Mintaqaviy muloqot masalalari muhokama qilinar ekan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi kun tartibini har tomonlama tayyorlash muhimligi qayd etilgan. Yetakchilar bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqqan.

“O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiqlik, ishonch va do‘stlik ruhida o‘tdi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

65

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing