Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston MTJ a’zolarini tabrikladi
Sport
−
05 iyun 18800 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jahon chempionati-2026 turniri Osiyo mintaqasi saralash bosqichi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasiga qarshi bahs olib borib, jahon chempionatiga yo‘llanma olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolarini tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari o‘z tabrigida ushbu g‘alabani muqaddas Qurbon hayiti kunlarida O‘zbekiston xalqiga bayram sovg‘asi sifatida olib kelayotgani uchun ularni muborakbod etgan.
“Hech shubhasiz, milliy sportimiz solnomasiga oltin harflar bilan bitiladigan bunday yorqin natija yurtimizdagi millionlab futbol muxlislari, butun xalqimizning necha yillik orzusi edi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Sizlar professional bilim va malakangiz, tajriba va mahoratingiz, eng muhimi, yuksak irodangiz va g‘alabaga bo‘lgan ishonchingiz bilan ana shunday orzuni real haqiqatga aylantirganingiz har qanday tahsin va tasannoga munosibdir.
Sizlar futbol maydonlaridagi mana shunday shonli yutuqdan yangi kuch va ruh olib, kelgusi yili AQSH, Meksika va Kanada davlatlarida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo qit’asining birinchi va yagona vakili bo‘lishdek yuksak sharafni chuqur his etgan holda, yanada katta jonbozlik ko‘rsatasizlar, deb ishonaman”, deyiladi tabrik matnida.
Ma’lumot uchun, bugun, 5 iyun kuni Jahon chempionati-2026 turniri Osiyo mintaqasi saralash bosqichi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasi O‘zbekiston milliy terma jamoasini o‘zining “Al-Nahayyon” stadionida qabul qildi va o‘yin 0:0 hisobida yakunlandi.
Ushbu bellashuvda qayd etilgan durang natijasi bilan Temur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati yo‘llanmasini rasman qo‘lga kiritdi.
Bellashuvni avstraliyalik elit referilar brigadasi boshqardi. FIFA hakami Shon Evans maydondagi asosiy nazoratni olib bordi.
Ushbu g‘alaba 34 yil kutilgan natija deb baholandi.