Mirziyoyev Urganchda qurilayotgan Al-Xorazmiy shaharchasiga bordi

Jamiyat

image

Bugun, 1 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch xalqaro aeroporti yaqinida bunyod etilayotgan Al-Xorazmiy shaharchasining qurilishini ko‘zdan kechirishga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shaharcha 130 gektardan ziyod hududda qurilmoqda va uning markazida Al-Xorazmiy haykali o‘rnatiladi. Prezident mazkur haykal loyihasi bilan ham tanishdi. Haykal shaharchada barpo etilayotgan 20 gektarlik bog‘ning kirish qismida o‘rnatiladi. Uning balandligi 22 metr, poydevori bilan birga 30 metrdan ziyod bo‘ladi. Mutasaddilarga monumentni ham bunyodkorlik, ham ma’no jihatidan takomillashtirish, shaharchada yashillikni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, shaharcha hududida Toshkentdagi Muhammad al-Xorazmiy maktabining filiali ham tashkil etiladi. Unga 4-sinf bitiruvchilari tanlab olinadi. Ta’limning yakunlovchi 2 yili muhandislikka boshlang‘ich tayyorgarlikka qaratiladi.

Shuningdek, Al-Xorazmiy shaharchasida texnopark va ofislar, tibbiyot va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bog‘chalar, sport majmualari, savdo va maishiy binolar bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, yangi istiqbolli rejalarni belgilash maqsadida Xorazm viloyatiga yetib borgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Urganch Al-Xorazmiy shaharchasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing