Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi
Jamiyat
−
01 Oktabr
2157O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi ta’lim-tarbiya sohasi xodimlarini O‘qituvchi va murabbiylar kuni – umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga eng ezgu tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.
Xalqimiz o‘zining azmu shijoati, bunyodkorlik salohiyati bilan Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etayotgan bugungi kunda ushbu ulug‘ ayyomning mohiyati, muallim va ustozlarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati ayniqsa ortib bormoqda.
El-yurtimiz azaldan e’zozlab keladigan o‘qituvchi va murabbiylarning maqomini, qadr-qimmatini yanada yuksaltirish – biz amalga oshirayotgan davlat siyosatining eng muhim, hal qiluvchi yo‘nalishiga aylangani ham shundan dalolat beradi.
Zero, donishmandlar aytganlaridek, mamlakat avvalo yerdan rizq-nasiba undiradigan dehqonlar, xalqni yovdan, turli yovuzliklardan himoya qiladigan askarlar, yosh avlodga ta’lim va tarbiya beradigan fidoyi muallimlarning sa’y-harakati bilan obod va farovon bo‘ladi", deyiladi Prezident tabrigida.
Tabrikda maktabgacha ta’lim tizimi dunyodagi ilg‘or tajribalar asosida mutlaqo yangicha rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ygani, mamlakatdagi bolalar bog‘chalari soni 8 barobar oshib, salkam 38 mingtaga, jumladan, nodavlat ta’lim muassasalari 250 tadan 29 mingtaga, qamrov esa 27 foizdan 76,4 foizga yetgani ham bu fikrni tasdiqlashi aytilgan.
Maktab ta’limini rivojlantirish haqda so‘z yuritganda esa, oxirgi yetti yilda 5 mingdan ziyod maktabda, shu yilning o‘zida esa 608 ta maktabda qurilish va ta’mirlash ishlari bajarilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, ilk bor 530 ta maktabda inklyuziv ta’lim joriy etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 288 ming nafardan ortiq boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining bepul ovqatlanishi yo‘lga qo‘yildi. Xususiy sektor rivoji uchun yaratib berilayotgan qulay imkoniyatlar natijasida nodavlat maktablar ulushi 5 foizga yetgani diqqatga sazovordir.
Bildirilishicha, bugungi kunda o‘qituvchilarning ish haqi 2016 yilga nisbatan o‘rtacha 2,5 marta, professor-o‘qituvchilarning oylik maoshi esa 4,5 karra o‘sgani, oktyabr oyidan pedagog xodimlarning ish haqi yana 15 foizga oshirilishi shu boradagi sa’y-harakatlarning natijasidir.
Ta’lim sifatini yuksaltirish maqsadida pedagoglarning malakasini oshirish bo‘yicha yagona va vertikal tizim yaratildi. Joriy yilda hozirga qadar 142 nafar o‘qituvchi ilg‘or xorijiy davlatlarda malaka oshirib qaytdi. Maktab direktori lavozimiga tayinlash tizimi takomillashtirilib, ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi o‘rnatildi.
"O‘quvchilarimiz 2010-2016 yillarda xalqaro fan olimpiadalarida 73 ta medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, so‘nggi yetti yilda 349 ta, 2024 yilning o‘zida esa 122 ta medalga sazovor bo‘lgani ham birinchi navbatda sizlarning mashaqqatli mehnatingiz samarasidir.
Bu borada xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarning ustozlarini rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani va shu maqsadda Davlat byudjetidan 6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani muhim rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston tarixida birinchi marta buyuk allomalarimizga bag‘ishlangan xalqaro fan olimpiadalarini o‘tkazishni boshladik. Bu esa farzandlarimiz, butun xalqimiz qalbida g‘urur va iftixor tuyg‘usi bilan birga, dunyoda O‘zbekistonning ma’rifiy nufuzini ham yuksaltirmoqda", deydi Mirziyoyev.
Shuningdek, maktabda ikkinchi xorijiy til va kasb-hunarlarni o‘rgatish borasida ham muhim qadamlar tashlandi. Joriy o‘quv yilida 354 ta maktabda 16 mingdan ziyod o‘quvchiga ikkita xorijiy tilni o‘qitish, 289 ta maktabda 40 mingdan ortiq o‘quvchiga kasb-hunar o‘rgatish
yo‘lga qo‘yildi.
Oliy ta’lim sohasida ham katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Qisqa muddatda yurtimizda 135 ta yangi oliygoh tashkil etilib, ularning umumiy soni 211 taga yetkazilgani, tizimda qamrov darajasi 4 barobardan ziyod oshib, 9 foizdan 38 foizga yetgani misolida buni yaqqol ko‘rish mumkin.
"Mana shu shukuhli ayyomda siz, azizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, ezgu va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Hamisha sog‘-omon bo‘ling, qadrli va mehribon ustozlar!" dedi Prezident.
LiveBarchasi