Mirziyoyev Turkiy Kengashning tashkilotga aylanishi davlatlarga nima berishini aytdi
Jamiyat
−
12 noyabr 2021
5622O‘zbekiston va boshqa turkiy tilli davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik pandemiyaga qaramay rivojlanishda davom etmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Istanbul yaqinidagi "Demokratiya va erkinlik" orolida o‘tayotgan Turkiy kengash sammitidagi nutqida aytib o‘tdi.
“Umumiy til va mushtarak qadriyatlar birligi asosida shakllangan Kengashimiz doirasida bugungi kunda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda.
Og‘ir pandemiya davrida ham biz sherikligimizni kengaytirishga, bir-birimizga yordam berib, aloqalarimizni muntazam rivojlantirishga intilib kelmoqdamiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston Prezidenti sammitda qabul qilinayotgan qarorga binoan Turkiy Kengash nomi “Turkiy davlatlar tashkiloti” deb o‘zgartirilishi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirgan.
Qayd etish kerakki, ayni vaqtda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov sammitda ishtirok etish uchun Istanbulga yetib kelgan.
Sammit Istanbulning Marmara dengizi o‘rtasidagi “Demokratiya va erkinlik” orolida bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbarlari tushga yaqin ushbu orolga yetib keladilar va Fatin Rushtu Zo‘rlu nomidagi masjidda juma namozini ado etadilar.
Sobbiq Yassi orol, hozirgi Demokratiya va erkinlik oroli Turkiya tarixida muhim ahamiyatga ega. Orolda 1950 yillan 1960 yilgacha mamlakatni boshqargan Prezident Jalol Bayar, Bosh vazir Adnan Menderes, Tashqi ishlar vaziri Fatin Rushtu Zo‘rlu, Moliya vaziri Hasan Po‘latkan sud qilingan. Ular 1960 yilning 27 may kuni harbiylar tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishidan so‘ng, ushbu orolga olib kelingan va to 1961 yilning sentyabr oyigacha shu yerda saqlangan.
Bosh vazir Adnan Menderesga hokimiyat vakolatlarini suiiste’mol qilish, davlat mablag‘ini o‘zlashtirish kabi moddalar bilan ayblov e’lon qilingan. Biroq, ushbu ayblovlarning birortasi o‘z isbotini topmagan.
Sud 1961 yilning sentyabr oyida sobiq Prezident Jalol Bayarni bir umrlik qamoq jazosiga, Bosh vazir Adnan Menderes, Tashqi ishlar vaziri Fatin Rushtu Zo‘rlu va Moliya vaziri Hasan Po‘latkanni o‘lim jazosiga hukm etadi.
Bosh vazir va uning tarafdorlari sudlangan Yassi oroldagi qonli va qorong‘u tarix 2019 yil Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an tarafidan tiklandi va o‘sha vaqtda ayblanganlar nomi oqlandi. Orolga Demokratiya va mustaqillik nomi berildi. Uning har bir burchagi 1960 yilda ro‘y bergan to‘ntarish va Adnan Menderes faoliyatini yodga soladi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar rahbarlari sammiti ham aynan ushbu orolda o‘tkazilishi alohida ahamiyat kasb etadi.
LiveBarchasi