Mirziyoyev turizm sohasidagi kamchiliklarni aytdi

Jamiyat

image

Joriy yil birinchi choragida O‘zbekistonga xorijdan 610 ming nafar yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 baravar ko‘p turistlar keldi. Bu haqda bugun, 26 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev turizm sohasini yanada rivojlantirish, ichki turizm bozorini kengaytirish, turizm ob’ektlarini ko‘paytirish hamda muzeylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

“Lekin, har bir hokim hududimda tarixiy obidalar yoki manzarali joylar ko‘p, deb xotirjamlikka berilmasligi kerak. Mehmonxona, muzey, transport va yo‘llar, servis, ovqatlanish joylari kelayotgan turistlarni qabul qilishga tayyormi? Buning uchun qaysi hokim tayyorgarlik qildi?”, deya savol qo‘ydi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda turizm salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan kamchiliklarni sanab o‘tdi.

•  Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryoda mavjud mehmonxona o‘rinlari talabga nisbatan ancha kam;

•  So‘nggi yillarda Mo‘ynoq, Nukus, Shahrisabz, Marg‘ilon, Qo‘qon, Rishton kabi yangi yo‘nalishlar ochildi. Lekin Navoiy, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hali bor imkoniyatlardan foydalanayotgani yo‘q;

•  Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Toshkent viloyati va Toshkent shahridan boshqa hududlarda yoshlarga mos turistik xizmatlar juda kam;

•  “Oilaviy” va “barchasi ichida” xizmatlarini joriy qilish ishlari sust. Cho‘milish havzasi 1,2 mingdan ziyod mehmonxonaning faqat 30 foizida bor.

Bundan tashqari, hududlardagi 206 ta termal va mineral suvli buloqlarning bugungi kunda 18 tasidan foydalanilmoqda. Misol uchun, Qamchiq dovonida (Ohangaron tumani) 2,5-3 ming metr balandlikda joylashgan Arashan ko‘llar tizimidagi suv harorati qishin-yozin 36 gradus issiqlikda bo‘lib, xorijiy kurortlardan qolishmaydi.

Yoki, Chimboy, Qorao‘zak va Taxtako‘pirda ham yer ostidan 40-70 daraja issiqlikda chiqadigan termal buloqlar hududida sanatoriya-kurortlar tashkil qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lsada, tegishli hududlar hokimlari tashabbus ko‘rsatmayapti.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

54

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing