Mirziyoyev Toshkentda qurilgan yangi yo‘llarni ko‘zdan kechirdi 

Jamiyat

image

Bugun, 19 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat poytaxti Toshkent shahrining Yakkasaroy va Sergeli tumanlarida qurilgan yangi yo‘lni ko‘zdan kechirdi.

Poytaxt ham iqtisodiyot, ham nufus jihatidan o‘sib bormoqda. So‘nggi yillarda shaxsiy avtomobillar 2-3 barobar ko‘payib, shahar ko‘chalarida bir kunda 700-800 mingdan ziyod transport harakatlanmoqda. Yana yarim milliondan ziyod odam kuniga poytaxtga kelib ketadi. Shu bois yo‘l infratuzilmasi hayot talabiga mos ravishda rivojlantirib borilmoqda.

Sergeli bilan Yakkasaroy tumanini bog‘laydigan qo‘shimcha yo‘l juda kerak edi. Bu loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Cho‘ponota ko‘chasidan Toshkent halqa yo‘ligacha qariyb 2 kilometrlik trassa qurib bitkazilgan. Uning Kichik halqa yo‘li ustidan o‘tgan qismida 788 metrlik ko‘prik va Toshkent halqa yo‘liga tutashgan joyida ikkita 207 metrlik yo‘l o‘tkazgich barpo etilgan.

Mazkur transport inshootlari bugundan ochildi.

Ushbu yangi yo‘l va ko‘priklar muhandislik yechimiga ko‘ra juda qulay. Birinchidan, mazkur yangi ko‘cha Toshkentning eng yirik transport arteriyalari – kichik va katta halqa yo‘llari bilan kesishadi. Ikkinchidan, transportlarning yangi ko‘prikka chiqishi ham, undan tushishi qulay. Hech qanday svetofor yoki qayrilib olishsiz, boshqalarga xalaqit bermagan holda, keyingi yo‘nalishga qo‘shilib ketish mumkin.

Ayni paytda loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida jadal ish olib borilmoqda. Toshkent halqa yo‘lidan Qipchoq ko‘chasigacha bo‘lgan 4 kilometrdan ziyod yo‘l qurilmoqda.

Umuman, 6 qatorli mazkur yo‘l va ko‘priklar soatiga 12 mingtagacha avtotransportni o‘tkazish quvatiga ega bo‘ladi. Shu tariqa, Sergeli tumanidan shahar markaziga yetib borish vaqti oldingi 40-50 daqiqa o‘rniga 20 daqiqani tashkil qiladi. Yangi Sergeli ko‘chasidagi tirbandlik ikki baravarga qisqaradi.

Shu yerda yo‘lsozlik, obodonlashtirish va kommunal sohalarda qo‘llaniladigan maxsus texnikalar namoyish etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

684

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing