Mirziyoyev “Tolibon” rahbariyatiga hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
01 Sentabr 2025 7129 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 1 sentyabr kuni Afg‘onistonning Kunar va Nangarhor viloyatlarida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida ko‘plab odamlar hayotdan ko‘z yumgani va jarohat olgani munosabati bilan Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati rahbariyatiga hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Kecha, 31 avgust kuni Afg‘oniston sharqida, Pokiston bilan chegaradosh hududda 6,0 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi va uning ortidan 600 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Kunar viloyatida 610 kishi halok bo‘lgan, qo‘shni Nangarhor viloyatida esa 12 kishi vafot etgan, jarohatlanganlarning umumiy soni 1 ming 550 kishidan oshgan, ulardan 1 ming 300 nafari Kunar viloyatidan.
Talafot yuz bergan hududlarga vertolyotlar safarbar etilgan, chunki ko‘chkilar tufayli yo‘llar yopilib, qutqaruvchilar bir qancha hududlarga kira olmagan. Jarohatlanganlarni qutqarish va olib chiqish ishlari davom etmoqda. Vayronalar ostida qolib ketganlar ham borligi sababli qurbonlar soni yanada oshishi mumkin.
Hozirga qadar Nangarhor aeroportidan Kunar viloyatiga 35 ta parvoz amalga oshirilgan va 335 nafar jarohatlangan Nangarhor mintaqaviy shifoxonasiga yetkazilgan. Qolganlarni ham ko‘chirish ishlari davom etmoqda. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, bu hodisa mamlakatni qamrab olgan eng kuchli zilzilalardan biri bo‘lgan.
Tebranish tunda 23:47 da yuz bergan. Oradan 20 daqiqa o‘tib, Nangarhor viloyatida yana 4,5 magnitudali zilzila qayd etilgan. Zilzila tunda sodir bo‘lgani uchun ham ko‘pchilik uyquda bo‘lgan va vayronalar ostida qolib ketgan. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lgan va jarohatlanganlar haqidagi raqamlar hali yakuniy emas, chunki ko‘plab chekka hududlarda aholi bilan aloqa o‘rnatilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev joriy yil 11 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlarida doirasida “Tolibon” muvaqqat hukumatida Sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziyni qabul qilgandi. Bu O‘zbekiston yetakchisining “Tolibon” rasmiysi bilan birinchi uchrashuvi edi. U 3 iyul kuni Xonkendi shahridagi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodarni qabul qildi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025