Mirziyoyev tabiiy ofatlarga qarshi birlashishni so‘radi
Jamiyat
−
16 mart 2023
5206Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT)ga a’zo mamlakatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, Ozarbayjon, kuzatuvchi mamlakatlar – Turkmaniston, Vengriya va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi joylashgan hududlar o‘z geografik va geologik xususiyatlariga ko‘ra, tabiiy ofat va xavf-xatarlar faol sodir bo‘ladigan makon hisoblanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 16 mart kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan (TDT)ning navbatdan tashqari sammitidagi nutqida aytib o‘tdi.
“Ming afsuski, so‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishlari bu kabi vayronkor hodisalar ko‘lami va zararini keskin oshirmoqda”, deydi Prezidend.
U bu yo‘nalishdagi amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida quyidagi aniq takliflarga e’tibor qaratdi:
“Favqulodda holatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Tashkilotimizning tizimli hamkorlik platformasini tashkil etish tashabbusini ilgari suraman. Bu platforma doirasida aniq mexanizmlarni joriy etish va muhim choralar ko‘rishni kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa, deb hisoblayman.
Birinchidan, Tashkilotimiz doirasida tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan ko‘p tomonlama bitimni tezroq ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada Turkiya tomoni taqdim etgan fuqarolar muhofazasi bo‘yicha tizim yaratish haqidagi hujjat loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Ikkinchidan, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha vazirliklarimiz o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini keskin faollashtirishimiz lozim. Ularning navbatdagi yig‘ilishida eng ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma harakatlar dasturini ishlab chiqish ayni muddao bo‘lar edi.
Asosiy diqqatni texnik xavfsizlik talablariga qat’iy e’tibor qilish va jahonning eng ilg‘or tajribasini sohaga tatbiq etish; aholining doimiy xabardorligini oshirib borish; qutqaruv xizmatlari mutaxassislarining malaka va tajribasini oshirish; qo‘shma o‘quv mashqlarini o‘tkazishga qaratishimiz kerak.
Uchinchidan, bunday kutilmagan va og‘ir sinovli paytlarda ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni bartaraf etishda yaqindan ko‘mak ko‘rsatish mexanizmlarini joriy etish maqsadga muvofiqdir.
So‘z oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish mollarini to‘siqsiz yetkazib berish, sanoatni tiklashga qaratilgan kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish haqida bormoqda. Albatta, bugun rasman ta’sis etilayotgan Turkiy investitsiya fondining ilk moliyaviy resurslarini ham ushbu loyihalarga jalb etish mumkin, deb hisoblaymiz”, deydi Mirziyoyev.
Shuningdek, Mirziyoyev, ilmiy va texnologik sohalarda erishilgan yutuqlarga qaramasdan, zilzilalar, sel va suv toshqinlari, o‘rmon yong‘inlari, bo‘ronlarni oldindan aniqlash va erta ogohlantirish hamon dolzarb vazifa bo‘lib qolayotganini aytdi.
“Bu jarayonlarni chuqur o‘rganish, sohaga ilmiy va texnologik yangiliklarni keng joriy etish katta ijobiy samara berishi aniq. Shulardan kelib chiqib, Tashkilotimiz doirasida Tabiiy ofatlar monitoringi va tahlili markazini tuzish hamda uni Toshkentda joylashtirish bo‘yicha tashabbusimizni ma’qullaysiz, deb ishonaman”, deydi Mirziyoyev.
Shuningdek, Mirziyoyevning fikricha, Turkiy davlatlar tashkilotining ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorligini kuchaytirish lozim.
“Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish global jamg‘armasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Tabiiy ofatlarni kamaytirish bo‘yicha xalqaro strategiyasi kotibiyati, Favqulodda vaziyatlarda harakatlanish markaziy jamg‘armasi kabi xalqaro tuzilmalar bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha Tashkilotimiz kotibiyati alohida shug‘ullansa, o‘ylaymanki, maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, deydi Mirziyoyev.
LiveBarchasi