Shavkat Mirziyoyev Rossiya delegatsiyasini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 3 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgan Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda Rossiyaning Nijniy Novgorod va Omsk viloyatlari, Boshqirdiston va Krasnoyarsk o‘lkasi rahbarlari ham ishtirok etgan. Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Oliy darajadagi uchrashuvlar natijalariga ko‘ra erishilgan kelishuvlarni qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshirilishi muhokama qilingan. Savdo hajmi barqaror o‘sib borayotgani, sanoat, energetika, transport, metallurgiya, kimyo va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

“Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, jumladan, sanoat zonalari doirasidagi kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar va biznes darajasida faol hamkorlik aloqalarini davom ettirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.

Shu ma’noda bugun Toshkentda bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishi va ishbilarmonlik tadbirlarining natijalari yuqori baholangan.

Shuningdek, uchrashuv doirasida Rossiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari Prezidentga axborot texnologiyalari, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni taqdimot qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Denis Manturov Rossiya delegatsiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing