Mirziyoyev Putinning BRICS’dagi taklifiga ko‘ndi
Jamiyat
−
24 Oktabr
31224O‘zbekiston BRICS’da Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan taklif etilayotgan Investitsiya platformasiga qo‘shilishga tayyor. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 24 oktyabr kuni “BRICS plyus” sammitining yalpi majlisida ma’lum qildi.
“BRICS’ning BMTning Sanoatning rivojlanishi bo‘yicha tashkiloti (UNIDO) huzurida tashkil etilayotgan Kompetensiyalar markaziga, shuningdek, taklif etilayotgan Investitsiya platformasiga qo‘shilishga tayyormiz”, dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, Prezident BRICS mamlakatlarining global tengsizlik va iqtisodiyotni inklyuziv yo‘l bilan qayta tiklash muammolarini hal etish maqsadida hamkorlikni rivojlantirish borasidagi fundamental sodiqligiga qo‘shilishini bildirgan.
“Bu o‘rinda gap, eng avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarning o‘tkir ijtimoiy va ekologik tahdidlarni hal etish, kambag‘allik darajasini kamaytirish, texnologik tafovutlarni qisqartirish va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan milliy taraqqiyot dasturlarini faol qo‘llab-quvvatlash haqida bormoqda. Bunda ko‘p tomonlama moliya institutlari muhim o‘rin tutishi mumkin va shart. O‘zbekiston ustuvor investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun BRICS’ning yangi Taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishni rejalashtirgan”, dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, O‘zbekiston innovatsiya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” taraqqiyot va energetika, to‘siqlarsiz elektron tijorat kabi sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani qayd etilgan.
“BRICS sun’iy intellekt bo‘yicha Tadqiqot guruhining sohadagi ehtimoliy xavflarning oldini olish va boshqaruvning yagona standartlarini ishlab chiqishga oid hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarida ishtirok etishni mo‘ljallamoqdamiz.
BRICS’ning BMTning Sanoatning rivojlanishi bo‘yicha tashkiloti (UNIDO) huzurida tashkil etilayotgan Kompetensiyalar markaziga, shuningdek, taklif etilayotgan Investitsiya platformasiga qo‘shilishga tayyormiz”, dedi Mirziyoyev.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston BRICS’dagi sheriklari bilan birgalikda transport sohasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish, yangi transkontinental yo‘laklarni yaratish, yetkazib berishning ishonchli logistika zanjirlarini shakllantirish, kabotaj tashuvlar tizimini rivojlantirish borasida yaqindan ish olib borish niyatida. Shuningdek, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish, sog‘liqni saqlash masalalari ham e’tibor markazida bo‘ladi.
“Tashkilot doirasida ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Barcha manfaatdor mamlakatlarga BRICS’ning Ishbilarmonlar kengashiga qo‘shilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz”, degan Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tkazilgan tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Vetnam Sotsialistik Respublikasi Bosh vaziri Fam Min Tin, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, boshqa bir qator davlatlar, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy tuzilmalarning rahbarlari hamda yuqori darajali vakillari ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin BRICS sammitining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida Investitsiya platformasini yaratish zarurligini ta’kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu BRICS mamlakatlari iqtisodiyoti salohiyatini maksimal darajada oshirish va global iqtisodiy o‘sishdan foydalanish uchun kerak.