Mirziyoyev Pokiston delegatsiyasi bilan dengizga chiqish masalasida gaplashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 fevral kuni Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovudni qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan.

Davlat rahbari ikki mamlakatning amaliy hamkorligini izchil kengaytirishga xizmat qilayotgan faol muloqotlar va almashinuvlar, pandemiyaga qaramasdan, davom ettirilayotganini ta’kidlagan.

Abdul Razzoq Dovud O‘zbekiston Prezidentiga uchrashuv tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirgan hamda Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Maslahatchi Afg‘oniston hududi orqali Markaziy va Janubiy Osiyoni eng qisqa yo‘l bilan bog‘laydigan, Pokistonning dengiz portlariga chiqish va ularning infratuzilmasi samarali ishga solinishini ta’minlaydigan temir yo‘l qurish loyihasini ilgari surish to‘g‘risidagi tashabbus Pokistonda yuksak baholanib, qo‘llab-quvvatlanayotganini qayd etgan.

Shuningdek ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarning boshqa dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

Avtomobil va havo transportida yuk tashishlarni rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, preferensial savdo to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash, bojxona ishi sohasida tajriba almashish, ishbilarmonlar o‘rtasidagi muloqotni faollashtirish va ishbilarmonlik tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Oliy va yuqori darajadagi bo‘lajak uchrashuv va muloqotlar rejasi kelishib olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

135

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing