Mirziyoyev Pokiston Bosh vaziri bilan muloqot o‘tkazdi. Tomonlar qo‘shma bayonot imzoladi

Jamiyat

image

Bugun, 14 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xonning videoanjuman shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, kun tartibidan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Pokiston sherikligining dolzarb masalalari, shu jumladan konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport va tranzit sohalaridagi amaliy hamkorlikni, hududlar o‘rtasidagi almashinuvlarni kengaytirish, madaniy-gumanitar hamkorlik dasturlarini ilgari surish masalalari o‘rin olgan.

Suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari muborak Ramazon oyi boshlangani munosabati bilan bir-birini samimiy tabriklab, do‘st xalqlarga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilagan.

Keyingi yillarda oliy va yuqori darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama munosabatlarning jadal rivojlanishiga, ularni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

“Hududlar o‘rtasida sheriklik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, joriy yilning fevral oyida Panjob shtati hokimi rahbarligidagi ishbilarmonlik missiyasining Namangan viloyatiga tashrifi muvaffaqiyatli o‘tdi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Transafg‘on temir yo‘lini qurish bo‘yicha strategik loyiha amalga oshirilmoqda.

Ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlik ham kengaymoqda.

Onlayn-uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi sheriklik va amaliy hamkorlikni kengaytirishning asosiy vazifalari batafsil ko‘rib chiqilgan va birinchi galdagi choralar belgilab olingan. Bo‘lajak tadbirlar rejasi kelishilgan.

Konstruktiv siyosiy muloqotni, parlamentlararo hamda xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi yaqin aloqalarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Transport va tranzit sohasidagi ustuvor loyihalarni ilgari surish, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va ishlab chiqarish kooperatsiyasini kuchaytirish uchun qulay sharoitlarni yaratish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish, jumladan, imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, qo‘shma ishbilarmonlik forumlarini o‘tkazish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlarni tiklash masalasi o‘rganiladi.

Ikki mamlakat yetakchilari Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tez fursatda hal etish masalalariga alohida to‘xtalgan. Ushbu mamlakatning jadal iqtisodiy tiklanishiga qaratilgan sa’y-harakatlar qo‘llab-quvvatlangan.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibining boshqa jihatlari yuzasidan ham fikr almashilgan.

Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston-Pokiston sammiti har doimgidek ochiq, amaliy va do‘stona ruhda o‘tgan.

Uchrashuv yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilingan hamda standartlashtirish va metrologiya, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qator muhim hujjatlar imzolangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

13

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing