Mirziyoyev oltin va uran korxonalari xodimlarini tabrikladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy kon-metallurgiya kombinati tashkil etilgani – mamlakatda uran sanoatiga asos solinganining 65 yilligi bilan soha xodimlariga tabrik yo‘lladi. 

Prezident tabrik avvalida Qizilqum konidan qazib olinayotgan, dunyo miqyosida e’tirof etilayotgan oltin, tabiiy uran va boshqa nodir qazilma boyliklar mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda beqiyos strategik ahamiyatga ega ekanini qayd etgan.

Shu bilan birga, 40 dan ortiq millatga mansub qariyb 50 ming nafar yuqori malakali ishchi, muhandis va mutaxassislar mehnat qilayotgan mazkur kombinat va 3 yil oldin uning tarkibidan ajralib chiqqan “Navoiyuran” korxonasi ijobiy natijalarga erishayotganini aytib o‘tgan.

“Keyingi yillarda soha rivojiga qaratilayotgan ulkan e’tibor hamda ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalar jadal joriy etilayotgani tufayli kombinat oltin ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi xorijiy kompaniyalar orasida 7-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarildi. “Muruntov” koni esa xalqaro reytinglarda yuqori pog‘onalarni egallab kelmoqda”, degan davlat rahbari.

Mirziyoyev shular qatorida qisqa muddatda kombinatda 23 ta yirik investitsiya loyihasi, jumladan, 5, 6 va 7-gidrometallurgiya zavodlari, 2-gidrometallurgiya zavodining ikkinchi navbati ishga tushirilib, 15 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilganiga alohida to‘xtalgan.

“Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida bu yil oltin ishlab chiqarish hajmi 2016 yilga nisbatan 25 foiz, tabiiy uran 20 foiz, kumush esa 46 foizga oshganini alohida ta’kidlash lozim. Bugungi kunda O‘zbekiston uran qazib olish bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinni egallab turibdi. “Navoiyuran” davlat korxonasi o‘z mahsulotini yuz foiz eksportga yo‘naltirmoqda.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi quvvatlar uchun zarur asbob-uskuna va jihozlar hududning o‘zida ishlab chiqarilmoqda. Birgina Navoiy mashinasozlik zavodida yiliga o‘rtacha 15 ming turdan ziyod import o‘rnini bosadigan mahsulotlar tayyorlanayotgani buni tasdiqlaydi”, degan Prezident.

Shuningdek, soha uchun malakali muhandis kadrlar yetkazib berish maqsadida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining moddiy-texnika bazasi va ilmiy-pedagogik salohiyati mustahkamlanayotgani, murakkab texnologik jarayonlarni asosan ana shunday oliygohlarda ta’lim olgan o‘zbek yoshlari boshqarayotganiga ham to‘xtalib o‘tilgan.

“O‘z hayotini shunday muhim sohaga bag‘ishlagan siz, azizlar jamoalaringizdagi shonli mehnat an’analarini munosib davom ettirish, mamlakatimiz kon sanoati shuhratini yanada oshirish uchun bundan buyon ham katta kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilasizlar, deb ishonaman.

Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, olijanob faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman”, degan Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

oltin Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing