Mirziyoyev Odri Azuleni mukofotladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) Bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi. 

O‘zbekiston bilan BMTning ushbu nufuzli instituti o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Suhbat avvalida Odri Azule davlat rahbarini tarixiy voqea – tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi so‘nggi 40 yilda ilk bor UNESCO’ning Parij shahridagi bosh qarorgohi tashqarisida o‘tkazilayotgani bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekistonning konferensiyani yuksak saviyada tashkil etish, shuningdek, uni amaliy ahamiyatga ega tadbirlar bilan boyitish borasidagi keng ko‘lamli ishlariga ijobiy baho berildi.

Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi davomida UNESCO’ning Maktabgacha ta’lim bo‘yicha mintaqaviy markazi ishga tushiriladi, Beruniy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi, Samarqand shahrining 3000 yilligi munosabati bilan maxsus tadbir, shuningdek, muzeylar, sun’iy intellekt, gender mavzulari bo‘yicha forumlar va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkaziladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va UNESCO o‘rtasidagi hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgalikda bolalar ta’limi bo‘yicha butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi, Parijda Beruniyning 1050 yilligi nishonlandi, buyuk alloma sharafiga xalqaro mukofot ta’sis etildi.

O‘zbekistonning tashabbusi bilan UNESCO’ning uchta muhim rezolyutsiyasi qabul qilindi. Tashkilotning maxsus ro‘yxatlariga O‘zbekistonning bir qator yangi ob’ektlari va madaniy qadriyatlari kiritildi.

UNESCO bilan sheriklikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish, ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishdagi katta xizmatlari hamda O‘zbekiston xalqining boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Odri Azulega O‘zbekiston davlatining yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Ma’lumot uchun, 2017 yildan buyon tashkilotga rahbarlik qilgan Odri Azule uchun Samarqanddagi sessiya uning UNESCO Bosh direktori sifatida qatnashgan so‘nggi sessiyasi bo‘ladi. Samarqandda UNESCO’ning yangi bosh direktori rasman tasdiqlanadi. Bu lavozimni yaqinda tashkilot Ijroiya qo‘mitasining 222-sessiyasida o‘tkazilgan saylovda g‘olib chiqqan misrlik 54 yoshli Xolid Al-Ananiy egallaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Samarqand BMT UNESCO Odri Azule

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing