Mirziyoyev Navoiydagi “Ishga marhamat” monomarkaziga bordi

Jamiyat

image

Bugun, 13 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazini borib ko‘rdi.

Markaz davlat rahbarining 2020 yil 11 avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Bu yerda mehnat bozori talablari asosida xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi va texnika sohalardagi o‘ttizga yaqin kasbga tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. O‘quv va mashg‘ulot xonalari tegishli uskuna, kompyuter, mulyaj va boshqa jihozlar bilan ta’minlangan.

Davlat rahbari markazdagi mashg‘ulotlarni ko‘zdan kechirdi, yoshlar bilan suhbatlashdi.

“Ishsiz fuqarolarimizni kasb-hunarli qilib, hayotga yo‘llanma berish uchun mana shunday sharoitlarni tashkil qilayapmiz. Bundan unumli foydalanib, kasbni yaxshi o‘rgansangiz, sizlar ish emas, ish sizlarni izlaydi, daromadingiz yuqori bo‘ladi. Necha yoshga kirishidan qat’i nazar, o‘qigan, izlangan, kasb egallagan odam qadrli bo‘ladi. Men sizlarning shunday qadrli bo‘lishingizni istayman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Iqtisodiyot tarmoqlarida malakali mutaxasislarga talab oshib borayotgani, bu yerda o‘qigan yoshlar kelgusida ishga olinishi qayd etildi. 

“Juda katta-katta korxonalar quryapmiz, ko‘pida chet eldan kelgan mutaxassislar ishlayapti. Bizning maqsadimiz – o‘zimizning yoshlarni ishlatish, xalqimizga oylik berish. Buning uchun vaqtni bekor o‘tkazmay, o‘zlaringni ham, ustozlaringni ham qiynab, kasbni mukammal egallashingiz kerak”, deydi Prezident.

Muassasa davlat-xususiy sheriklik tizimida ishlaydi. Davlat sharoit yaratib, ilmiy va moddiy jihatdan ta’minlaydi. Mashg‘ulotlarni amaliyotchilar, tadbirkorlar, zavodlar vakillari olib boradi va keyinchalik bitiruvchilarni ishga oladi. Monomarkaz diplomi kasb-hunar maktablari diplomi bilan bir xil darajaga ega.

Shuningdek, markazda ingliz, rus, yapon, koreys tillarini o‘qitish kurslari ham ochilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

82

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing