Mirziyoyev misrlik tadbirkorlar bilan uchrashdi. U energetikadagi muammolarni hal etishda Misrdan foydalanmoqchimi?
Jamiyat
−
21 fevral 2023
6725O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifining birinchi kunida ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi.
Misr tomonidan tadbirda xalqaro hamkorlik bo‘yicha vazir Raniya al-Mashat, Savdo palatalari federatsiyasi prezidenti Ibrohim Mahmud al-Arabiy, “Elsewedy Electric”, “El Araby Group”, “Orascom Construction”, “Poliserve Group”, “Al-Rowad”, “Lotus Garments Group” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ishbilarmonlik va tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi o‘zaro investitsiyalarni faollashtirish va savdoni oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Mirziyoyev ikki mamlakat ishbilarmon doiralari birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan o‘tmishda gullab-yashnagan Buyuk Ipak yo‘lidek mustahkam hamkorlik ko‘priklarini qayta tiklashda muhim o‘rin tutishini ko‘rsatib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari oshgani, qo‘shma loyiha va korxonalar soni 6 barobar ko‘paygani qayd etildi.
Davlat rahbari kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston-Misr biznes forumining samarali natijalarini, uning yakunida umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 20 dan ziyod bitim va shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishilganini yuksak baholadi.
Energetika, elektrotexnika, kimyo, tog‘-kon, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, charm-poyabzal tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
“Misr kompaniyalariga mamlakatimizda katta investitsiya dasturlarini birgalikda amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar ochiq”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘z o‘rnida Misrning yetakchi kompaniyalari vakillari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.
Bo‘layotgan yangilanishlar, iqtisodiyotning liberallashuvi va qulay investitsiya muhiti yaratilgani Misr biznesining O‘zbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar ochayotgani alohida qayd etildi.
Masalan, elektr energiyasi, transformatorlar va kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Misrdagi eng yirik kompaniya O‘zbekistonda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, transformatorlar, kabel-sim mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.
“Orascom Construction” O‘zbekistonda industrial park yaratgan holda uning hududida lok-bo‘yoq mahsulotlari va qurilish materiallari uchun kimyoviy moddalar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, shuningdek, 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bildirilgan reja va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston tomonining mutasaddilariga taklif etilgan loyihalar ijrosi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash topshirig‘ini berdi.
Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va savdo-investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi belgilab olindi.
LiveBarchasi