Mirziyoyev Misr Prezidenti bilan telefonda gaplashdi
Jamiyat
−
27 mart 2023
4726Bugun, 27 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan telefon orqali oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining tahlilini muhokama qildi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston va Misr yetakchilari Ramazon oyi kirib kelgani bilan bir-birini samimiy qutlagan.
Muloqotda ikki davlat yetakchi kompaniyalarining energetika, tog‘-kon, charm va zargarlik tarmoqlari, sog‘liqni saqlash va telekommunikatsiya sohalari kabi yo‘nalishlarda aniq kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.
Qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish uchun faol muloqotlarni davom ettirish va qulay sharoitlarni shakllantirish muhimligi qayd etilgan. Shu maqsadda ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish zarurligi ta’kidlangan.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning fevral oyida Shavkat Mirziyoyev Misrda davlat tashrifi bilan ikki kun bo‘lgandi. Qohiradagi “Al-Ittihodiya” saroyida Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisining muzokaralari bo‘lib o‘tgan edi. Muzokaralarning asosiy mavzusi siyosat, xavfsizlik, savdo va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi hamkorlikni tubdan kengaytirish hamda madaniy-gumanitar va ta’lim aloqalarini mustahkamlash masalalari bo‘lgan edi.
Shuningdek, tomonlar korrupsiyaga, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda tajriba almashishdan, Afg‘onistonni barqarorlashtirish va qayta tiklash bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor ekanini bildirgan.
LiveBarchasi