Mirziyoyev xorijiy elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 20 sentyabr kuni O‘zbekistonga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant, Koreya Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon, Mo‘g‘uliston Favqulodda va muxtor elchisi Daadanxuu Batbaatar, Germaniya Federativ Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer, Isroil Davlati Favqulodda va muxtor elchisi Gideon Lustig va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari Toyvo Klaardan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini O‘zbekistondagi sharafli va mas’uliyatli faoliyati rasman boshlangani bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun diplomatik vakolatxonalar rahbarlari vakillik qilayotgan mamlakatlar hukumatlariga minnatdorlik bildirildi.

Hindiston

O‘zbekiston Prezidenti Hindiston Respublikasi elchisi Smita Pantga murojaat qilar ekan, ikki mamlakat yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Joriy yil boshidan buyon ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi, qo‘shma korxonalar, aviaqatnovlar soni ko‘paymoqda, sayyohlik almashinuvi kengaymoqda, hududlararo aloqalar izchil rivojlanmoqda. O‘zbekistonda Hindiston universitetlarining to‘rtta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Davlat rahbari yaqin kelajakda o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik loyihalarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish va “Hindiston - Markaziy Osiyo” formatidagi muloqotni davom ettirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Koreya

Mirziyoyev Koreya Respublikasi O‘zbekiston uchun Osiyo qit’asidagi vaqt sinovlaridan o‘tgan yaqin do‘st va alohida strategik sherik ekanini ta’kidladi.

Prezident Yun Sok Yolning O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Koreya hamkorligining yangi bosqichini boshlashga kelishib olindi. 

O‘zaro savdo hajmi 2,5 milliard dollarni tashkil etmoqda. 700 dan ziyod qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, yangi investitsiya loyihalari portfeli 10 milliard dollarga yetdi.

O‘zbekistonda Koreyaning qator yetakchi universitetlari filiallari, kasb-hunar ta’limi, innovatsiyalar va axborot texnologiyalari markazlari ochildi, maktabgacha ta’lim tizimini yaratishning ilg‘or tajribasi muvaffaqiyatli joriy etilmoqda, sog‘liqni saqlash sohasida birgalikda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

“Toshkentda barpo etilgan Bolalar klinikasi, Koreya madaniyati va san’ati uyi, Seul bog‘i va ko‘chasi mustahkam do‘stligimizning yorqin ramzlariga aylandi, ko‘p millatli xalqimizning ajralmas qismi bo‘lgan salkam 200 ming nafar fuqarolarimizdan iborat koreys diasporasi esa taraqqiyotimizga munosib hissa qo‘shmoqda”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalari bilan o‘ta muhim minerallar, yarim o‘tkazgichlar, kimyo sanoati, “yashil” energetika, mashinasozlik, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida hamkorlik bo‘yicha strategik rejalarni to‘liq amalga oshirish zarurligi, shuningdek, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni yanada faollashtirish, gumanitar hamkorlikni kengaytirish, ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Mo‘g‘uliston

Davlat rahbari Mo‘g‘uliston elchisiga murojaat qilar ekan, Prezident Uxnaagiyn Xurelsuxning yaqinda O‘zbekistonga qilgan davlat tashrifi o‘zaro manfaatli munosabatlarimizda yangi sahifa ochganini ta’kidladi.

Toshkentda Mo‘g‘uliston elchixonasi o‘z faoliyatini boshladi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi ikki barobar oshdi. Turli vazirlik va idoralar o‘rtasidagi aloqalar faollashdi.

Erishilgan kelishuvlarni so‘zsiz bajarish, xususan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish, foydali qazilmalarni o‘zlashtirish va qayta ishlashda ishtirok etish, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, charm, to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati va tibbiyot sohalarida loyihalarni amalga oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, ta’lim va madaniy dasturlarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

BMT, SHHT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni kuchaytirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Germaniya

O‘zbekiston rahbari dunyoning yetakchi davlatlaridan biri, ulkan intellektual va iqtisodiy salohiyatga ega Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim va uzoq muddatli hamkori ekanini ta’kidladi.

O‘tgan yili Germaniyaga amalga oshirilgan ikkita oliy darajadagi tashrif, shuningdek, Federal Kansler Olaf Sholsning yaqinda O‘zbekistonga qilgan rasmiy tashrifi ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya munosabatlari tarixida yangi davrni boshlab bergan muhim voqealar bo‘lgani ta’kidlandi.

Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi va qo‘shma korxonalar soni ikki barobar, o‘zlashtirilgan investitsiyalar esa 10 barobar ko‘paydi.

Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati 9 milliard yevroga teng bo‘lgan qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Siemens, Linde, BASF, MAN, CLAAS, Henkel, Knauf, Papenburg, Deutsche Bahn va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish mexanizmlari joriy etilmoqda, Sanoat va texnologik hamkorlik dasturi qabul qilindi.

“Shu bilan birga, madaniy-gumanitar, ta’lim, migratsiya va turizm sohalarida ham katta natijalar kutyapmiz”, deb ta’kidladi Prezident.

Shuningdek, yaqinda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Germaniya” ikkinchi sammitida bildirilgan mintaqaviy strategik hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.

Isroil

Prezident Isroil O‘zbekistonning muhim iqtisodiy sherigi ekanini ta’kidladi.

O‘tgan yilda savdo hajmi ikki barobar oshdi, mamlakatimizda Isroil sarmoyasi ishtirokidagi 120 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekistonda qadimdan yashab kelayotgan Buxoro yahudiylari hamon xalqlar aloqalarida mustahkam bog‘lovchi rishta vazifasini o‘tamoqda.

Prezident ikki tomonlama hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Xususan, innovatsiyalar, “aqlli” qishloq va suv xo‘jaligi, resurs tejaydigan texnologiyalar, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirdi.

Davlat rahbari O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat tez orada adolatli yechim topishi, umume’tirof etilgan hujjatlar asosida uzil-kesil tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishining qat’iy tarafdori ekanini tasdiqladi.

Yevropa Ittifoqi

O‘zbekiston Prezidenti Yevropa Ittifoqi ishonchli va vaqt sinovidan o‘tgan hamkor ekanligini ta’kidladi.

So‘nggi yillarda munosabatlar izchil rivojlanib, mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Joriy yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanmoqda.

Oliy darajadagi tashriflar soni ortib bormoqda, Yevropaning bir qator davlatlari bilan strategik sheriklik o‘rnatildi, o‘tgan yili Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi.

"Yashil" iqtisodiyot, muqobil energetika, yuqori texnologik sanoat, innovatsiyalar, mineral resurslar, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, fan va ta’lim sohalarida yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning tez orada imzolanishi munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

“Yevropa tomoni bilan siyosiy muloqotlarni faollashtirish, demokratik institutlarni mustahkamlash, inson huquqlari masalalarida ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish, iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni topish, fuqarolarimiz bordi-keldilari uchun viza rejimini yengillashtirish kabi dolzarb yo‘nalishlarda birgalikda ishlash niyatidamiz”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan hamkorligi kengayib borayotgani ham qayd etildi. Shu munosabat bilan davlat rahbari kelgusi yilda Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” sammitini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Marosim yakunida O‘zbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elchilarga sharafli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va islohotlar natijalari bilan, ayniqsa, eng chekka tuman va qishloqlarga borib yaqindan tanishishni tavsiya qildi.

O‘z navbatida, xorijiy diplomatlar samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi faoliyatini samarali olib borishlariga yaratilgan sharoitlar uchun tashakkur izhor etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Evropa Ittifoqi Hindiston Mo'g'uliston Koreya Isroil Daadanxuu Batbaatar Gideon Lustig Toyvo Klaar Smita Pant Von Do Yon Manfred Xuterer

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made