Mirziyoyev Quvaytga yetib bordi. Uni aeroportda Amir kutib oldi
Jamiyat
−
17 fevral
5163O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Quvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al as-Sabohning taklifiga binoan bugun, 17 fevral kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga yetib bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Al-Quvayt xalqaro aeroportida davlat rahbarini Amir Shayx Mish’al as-Saboh, Valiahd Shayx Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
O‘zbekiston yetakchisining tashrifi sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, davlat bayroqlari ko‘tarildi, ikki mamlakat madhiyalari yangradi.
Prezident Mirziyoyev faxriy qorovul safi oldidan o‘tdi. So‘ng davlat rahbarlari rasmiy delegatsiyalar a’zolari va diplomatik korpus vakillarini qutladi.
Aeroportning Amir terminalida yetakchilar o‘rtasida qisqa suhbat bo‘lib o‘tdi.
Bugun O‘zbekiston Prezidenti va Quvayt Amiri oliy darajada muzokara o‘tkazadi. Sammit kun tartibidan O‘zbekiston bilan Quvayt o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya-moliyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Tadbirlar yakunida qator hukumatlararo va idoralararo bitimlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar




