Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda joriy etilgan favqulodda holat to‘g‘risida gapirdi 

Jamiyat

image

“Favqulodda holat to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlash davomida ko‘pmillatli Qoraqalpog‘iston xalqi mamlakat ravnaqi va farovonligining poydevori bo‘lgan tinchlik va barqarorlik,  fuqarolar o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlash uchun birlashib, barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi. 

“Mamlakatimiz Konstitutsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida men 2022 yil 3 iyuldan 2 avgustga qadar “Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida  favqulodda holat joriy etish haqida”gi Farmonni imzoladim.

Ishonchim komil, ushbu farmon ijrosini ta’minlash davomida ko‘pmillatli Qoraqalpog‘iston xalqi mamlakatimiz ravnaqi va farovonligining poydevori bo‘lgan tinchlik va barqarorlik,  fuqarolar o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlash uchun birlashib, barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi. 

Yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi e’lon qilindi va umumxalq muhokamasidan o‘tmoqda. U faqat O‘zbekiston xalqining taklif va fikrlari asosida o‘zgartiriladi va takomilga yetkaziladi. 

Shundan so‘ng mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yiladi va fuqarolarimiz erkin ovoz berish yo‘li bilan o‘z xohish-irodasini ifoda etadilar. Faqat shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy kuchga ega bo‘ladi. 

Bunday yondashuv “Xalq – Konstitutsiyaning birdan-bir manbai va muallifi”, degan prinsipga to‘la mos keladi. Faqat shundagina har bir vatandoshimiz “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – bu mening Konstitutsiyam”, deb g‘urur bilan ayta oladi.

Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha muhokamalar jarayoni davom etmoqda. Qoraqalpog‘iston aholisi tomonidan bildirilayotgan fikrlarni o‘rganish asosida Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, muhtaram nuroniylarimiz hamda Qoraqalpog‘iston faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda men O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda, o‘zgartirmasdan qoldirishni taklif etdim.   

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yaqin kunlarda bu masalani ko‘rib chiqadi", deydi Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

268

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing