Mirziyoyev qatag‘on qurbonlarini yod etdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Mustaqillik bayrami arafasida – 31 avgust Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni bo‘ladi. Ushbu sana munosabati bilan 29 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar yig‘ildi. Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Vatan fidoyilari haqqiga Qur’on tilovat qilindi. Elga osh tortildi. Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda ulamo va ziyolilar bilan tarixni o‘rganish va yoshlarga o‘rgatish, mustaqillik va tinchlikni qadrlash haqida muloqot bo‘ldi.

“Har yili Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ota-bobolarimiz haqlariga duo qilamiz. Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun kurashgan qahramon ajdodlarimiz jasorati biz uchun doimo ibrat maktabi bo‘lib qoladi”, dedi davlat rahbari.

Ma’lumki, o‘sha mash’um yillarda 100 mingdan ziyod begunoh o‘zbekistonlik qatag‘on qilingan. Minglab odamlar “xalq dushmani” degan nohaq ayblov bilan otib tashlangan, undan ham ko‘pi surgun qilingan. Ularning ortidan minglab ayollar beva, bolalar yetim bo‘lib qolgan. Oradan qariyb bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, o‘sha mudhish davr chuqur iztirob bilan esga olinadi.

“Vatanimiz fidoyilarini ulug‘lash, xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilyapmiz. So‘nggi sakkiz yilda 1 ming 200 dan ziyod jafokash bobolarimiz nomi oqlandi.  “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilinib, minglab yangi hujjatlar bilan to‘ldirildi. Hududlarda ham shunday muzeylar tashkil etildi. Bu yil jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlayapmiz. Buxoro shahrida Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil qilinmoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev. 


Mana, o‘tgan yildan e’tiboran, har yili oktyabrning birinchi haftasi Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida belgilangan. Bu yil ushbu tadbir Xotira va tarbiya haftaligi sifatida o‘tkaziladi. Bu borada millat oydinlari hayotini o‘rganish g‘oyat muhim ekani ta’kidlandi.

“Jadid bobolarimiz har sohada ilg‘or edi. Birinchi o‘zbek romani, teatr va kino asarlari, turli fanlar bo‘yicha darsliklarni aynan ular yaratgan. O‘tgan asrning 20-yillarida Germaniyada tahsil olgan turkistonlik talabalar qatag‘on qilinmaganida, butun jamiyatni o‘zgartirardi. Bor tariximizni to‘g‘ri yetkaza olsak, yoshlarimiz boshqa qahramon izlamaydi, yetuk bobolarimiz buning uchun tayyor namuna”, dedi Prezident.

Qayd etilishicha, bunday ma’naviy asos umummilliy birlik va barqarorlik uchun ham zarur. Bugun dunyodagi vaziyat tahlikali bo‘lib boryapti. Davlatlarning mustaqilligiga tahdidlar paydo bo‘lyapti. Bularning barchasi doimo ogoh va hamjihat bo‘lib, islohotlarni izchil davom ettirishni talab qiladi.

Ulamolar O‘zbekistondagi shu tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tilab duolar qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Mustaqillik bayrami Qatag'on qurbonlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing