Mirziyoyev Italiya Prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella Ko‘ksaroy qarorgohida ikki tomonlama muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuv avvalida O‘zbekiston rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlagan. Serjo Mattarella ham Mirziyoyevga taklif hamda Italiya delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirgan. 

Italiya Prezidenti shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidlagan hamda mamlakatning Markaziy Osiyoda barqarorlikni ta’minlash va integratsiyalashuvni kuchaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholagan.

Shundan so‘ng, ikki tomonlama strategik sheriklikni va ustuvor yo‘nalishlardagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Unda O‘zbekiston Prezidenti joriy yil iyun oyida Italiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Davlat rahbarlari parlamentlar va tashqi siyosiy idoralar o‘rtasidagi faol muloqotlarni davom ettirish hamda kelgusi yilda tashqi siyosiy idoralar rahbarlari darajasidagi Strategik muloqotning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olgan.

Bundan tashqari, uchrashuvda savdo munosabatlarini yanada rivojlantirish maqsadida Savdoga ko‘maklashish kompleks dasturini ishlab chiqish taklifi ilgari surilgan. Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, energetika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda muvaffaqiyatli kooperatsiya qilinayotgani qayd etilgan. 

O‘zbekiston milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish loyihalarida Italiyaning ilg‘or va yuqori texnologik kompaniyalarini jalb qilishdan manfaatdor ekani bildirilgan. Xususan, Toshkent shahrida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga xizmat qiladigan «Konfindustriya O‘zbekiston» sanoatchilar uyushmasi ochilgani olqishlangan.

Hukumatlararo guruh doirasida mahalliylashtirishning yangi yo‘nalishlari va loyihalari bo‘yicha takliflar tayyorlashga kelishib olingan. Shuningdek, Italiya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga tez fursatda kirishini hamda Yevropa Ittifoqi bilan kengaytirilgan sheriklik to‘g‘risidagi bitimning qabul qilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirilgan. 

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish muhimligi qayd etilgan. Shu munosabat bilan O‘zbekiston va Italiya hududlari forumini ta’sis etish va uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Samarqandda o‘tkazish taklif qilingan.

Bundan tashqari, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilingan. Toshkentdagi Turin politexnika universiteti filialining faoliyati bu boradagi muvaffaqiyatli sheriklikka misol ekani qayd etilgan.

Ushbu yetakchi oliy ta’lim dargohi negizida Italiyaning ilg‘or texnologiyalari transferi markazi tashkil etiladi.

O‘zbekistonda italyan tilini o‘rganishga qiziqish o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlangan. Maktablarimizda italyan tili o‘qituvchilarini tayyorlash va maktablarimizda uni o‘qitishni bosqichma-bosqich joriy qilish muhimligi haqida yakdil fikr bildirilgan.

Shuningdek, Italiyada qo‘shma tasviriy san’at ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalari muhokama qilingan. 

Ikki xalq bir-birining boy va betakror madaniy-tarixiy merosi bilan tanishishi uchun mamlakatlarda O‘zbekiston va Italiya madaniyat, kino va turizm kunlari o‘tkazilishi taklif qilingan.

Samarqand arxeologiya instituti hamda Bolonya va Neapol universitetlarining qo‘shma guruhi tomonidan olib borilayotgan arxeologiya izlanishlari yuqori baholangan. Davlat rahbarlari akademik almashinuvlarni kengaytirish hamda qo‘shma Ta’lim forumini o‘tkazish zarurligini alohida ta’kidladilar.

Muzokara yakunida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, xavfsizlikka umumiy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishdagi hamkorlikni davom ettirish yuzasidan ham fikr almashilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Italiya uchrashuv muzokara Serjo Mattarella

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing