Mirziyoyev islohotlar ortidagi maqsadni ochiq aytdi
Jamiyat
−
31 avgust 2019
6103Avval xabar berganimizdek, bugun, 31 avgust kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilari, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqiini Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.
Bundan yigirma sakkiz yil muqaddam, 1991 yil ayni shu kunda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekistonni mustaqil davlat deb e’lon qilgan edi. Bu sana erkin va farovon hayot qurish yo‘lidagi barcha intilish va muvaffaqiyatlarga asos bo‘ldi, xalqimiz uchun eng ulug‘, eng aziz ayyomga aylandi. O‘tgan davrda elu yurtimiz mashaqqatli va sinovli kunlarni boshdan kechirdi, mamlakatimiz o‘zgardi, rivojlandi.
“Bugun bir haqiqatni katta g‘urur va iftixor bilan aytishga to‘la asosimiz bor: mard va matonatli xalqimiz qanchalik qiyin va og‘ir sinovlarga duch kelmasin, o‘zining mustahkam irodasini namoyon etib, o‘zi tanlab olgan mustaqillik yo‘liga doimo sodiq bo‘lib kelmoqda. Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qo‘ymoqda”, deya ta’kidladi davlat rahbari.
Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosida O‘zbekiston milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil ilgarilab bormoqda. Demokratik islohotlar tufayli mamlakatimiz jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallab, faol tashqi siyosat olib bormoqda.
“Biz bugun qanday islohotlarni, qanday o‘zgarishlar, qanday yangi loyihalarni amalga oshirayotgan bo‘lmaylik, ularning barcha-barchasi yagona, ulug‘ bir maqsadga qaratilgan. U ham bo‘lsa, mana shu mehnatkash, zahmatkash, olijanob xalqimizni rozi qilish, hayotning barcha sinovlarini matonat bilan yengib yashayotgan vatandoshlarimizning ishonchini oqlash, og‘irini yengil qilishdan iboratdir”, dedi Prezident.
Davlat rahbari sud-huquq tizimini takomillashtirish, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, sanoat va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish borasidagi ishlarning mohiyati va natijalari haqida to‘xtaldi. Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha o‘ziga xos tizim shakllangani, hududlarni obod qilish, aholining hayot sifatini oshirish, yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
“Bugun bir fikrni qat’iyat bilan ta’kidlashni zarur deb bilaman: O‘zbekistondagi demokratik jarayonlar endi orqaga qaytmaydigan, muqarrar tus oldi. Biz mana shu yorug‘ kunlar uchun kurashib, jon fido etgan ota-bobolarimizning haqqi-hurmati, 33 millionlik xalqimizning haqqi-hurmati, bizga umid va ishonch ko‘zi bilan boqib turgan bolalarimiz, nabiralarimizning haqqi-hurmati – mustaqillik va istiqlol yo‘lidan hech qachon qaytmaymiz! O‘z maqsadlarimizga albatta yetamiz – kelajagi buyuk O‘zbekistonni barchamiz birgalikda barpo etamiz!”, dedi Mirziyoyev.
Bayram tadbiri san’at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan davom etdi.
LiveBarchasi