Mirziyoyev Imom Buxoriy maqbarasida daraxt ekdi
Jamiyat
−
30 Oktabr 4216 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etish uchun bugun, 30 oktyabr kuni Samarqandga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Mirziyoyev, avvalo, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilgan. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qilgan.

Prezident majmuadagi so‘nggi pardozlash ishlari, hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish jarayonlari bilan tanishgan.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan mazkur majmua Buxoriyning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi.
Majmua hududi kengaytirilib, ayni paytda uning umumiy maydoni 44 gektarga yetdi. Mo‘’tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurib bitkazilgan. Ziyoratgohning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan.

Davlat rahbari yangi masjiddagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirgan.
Prezident har gal Samarqandga borganida majmuaning qurilishi jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.
Shu maqsadda yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etilgan. U islom olamida muhaddislar sultoni, deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 ta payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.
Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolarida ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan. Bitta to‘rt yulduzli, ikkita uch yulduzli va 22 ta oilaviy uy mehmonxonalari tashkil etilgan.
Davlat rahbari mamjua faoliyatini sifatli tashkil etish, odamlarga qulayliklarni kengaytirish, yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Ezgu niyatlar bilan majmua hududiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 30 oktyabr kuni Mirziyoyev Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini va UNESCO Bosh direktori Odri Azule bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. O‘zbekiston Prezidenti UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etib, nutq so‘zlaydi. Davlat rahbarining nutqida bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini bugun, 29 oktyabr kuni amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgandi.
Live
Barchasi