Mirziyoyev Guterrish bilan dolzarb muammolarni muhokama qildi

Olam

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 23 sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuv davomida barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha milliy vazifalarni amalga oshirish doirasida BMT bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Suhbat avvalida davlat rahbari Antoniu Guterrishni BMTning yubiley sessiyasi bilan samimiy tabriklab, uning tashkilot tizimini zamonaviy voqelikka mos ravishda isloh qilish borasidagi tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatlagan.

O‘zbekiston va BMT sherikligida misli ko‘rilmagan yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Qayd etish joiz, tashkilot bilan 160 dan ortiq dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Oktyabr oyida besh yilga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturi imzolanishi kutilmoqda. Keyingi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilingan. O‘zbekiston EKOSOS, Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mita, statistika komissiyasi kabi nufuzli tuzilmalarga a’zo etib saylangan.

O‘zbekiston tashabbusi bilan bugun, 24 sentyabr kuni BMT bosh qarorgohida bolalar saratoni va boshqa og‘ir kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha yuqori darajadagi forum bo‘lib o‘tadi. Samarqand shahrida UNESCO’ning 43-Bosh konferensiyasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Antoniu Guterrish O‘zbekiston Prezidentining Bosh Assambleyaning yubiley sessiyasidagi nutqiga yuksak baho berib, uning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, yoshlar, ma’rifatparvar islom dini va boshqa sohalarda global hamkorlikni ilgari surish borasidagi tashabbuslari muhimligini alohida ta’kidlagan.

Suhbat chog‘ida dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashilgan.

Uchrashuv yakunida ustuvor yo‘nalishlarda keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirish, hamkorlikning yangi dastur va loyihalarini ishlab chiqishga kelishib olingan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev AQSH rahbari Donald Tramp hamda Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon bilan muzokaralar o‘tkazgandi.

 

 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev N'yu-York Antoniu Guterrish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing