Mirziyoyev Rotshild boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi
Jamiyat
−
30 Sentabr 2021
7561Bugun, 30 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan Iqtisodiy forum tadbirlarida ishtirok etayotgan “Rothschild&Co” kompaniyasi kuzatuv kengashi raisining o‘rinbosari baron Erik de Rotshild boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Ushbu nufuzli xalqaro konsalting va investitsiya kompaniyasi bilan mamlakatdagi yangi iqtisodiy islohotlar dasturi doirasidagi ustuvor loyihalarni ilgari surishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
“Coca-Cola Uzbekistan” korxonasidagi davlat ulushini xorijiy investorga sotish bo‘yicha kelishuvni amalga oshirish jarayonida muvaffaqiyatli hamkorlik qilingani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bundan tashqari, mamlakat milliy energetika kompaniyalarini transformatsiya qilish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash borasida qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish, bank sektorini isloh qilish, vinochilikni rivojlantirish masalalarida yuqori malakali konsultatsiya xizmatlarini jalb qilish hamda gumanitar almashinuv dasturlarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar alohida qayd etildi.
Yangi imkoniyatlarni o‘rganish va istiqboldagi sheriklik loyihalarini tayyorlash uchun qo‘shma ishchi guruhni shakllantirishga kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida, Rothschild & Co – moliyaviy xolding kompaniyasi Rotshildlar oilasining fransuz va ingliz filiallari tomonidan nazorat qilinadi. Rothschild & Co – bu Rotshild guruhini boshqaruvchi Rotshild bank guruhining yetakchisi, shu jumladan N. M. Rothschild & Sons i Rothschild & Cie Banque. Dastlab, kompaniya Paris Orléans SCA deb nomlangan, 2015 yil 24 sentyabrda umumiy yig‘ilishda Rothschild & Co deb o‘zgartirilgan.
Rotshild bank guruhining bank biznesi quyidagi sohalarni qamrab oladi: investitsiya banki, korporativ bank, xususiy kapital, aktivlarni boshqarish, xususiy bank va boshqalar. Bundan tashqari, Rothschild & Co’ning shaxsiy investitsiya hisobi bor.
2018 yil 17 apreldan boshlab kompaniya boshqaruviga Devid de Rotshildning yagona o‘g‘li – Aleksandr Gay Franchesko de Rotshild (Rotshildlar oilasining yettinchi avlodi vakili) rahbarlik qilgan. Tayinlanishidan oldin u kompaniyada 10 yildan ortiq turli lavozimlarda, shu jumladan rais o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Rotshildlar – tarixi XVIII asrning oxiriga borib taqaladigan yahudiy bankirlari va jamoat arboblarining Yevropadagi sulolasi. 1816 yilda Avstriya imperatori Frans II Rotshildlarga baron unvonini berdi. Rotshildlar Avstriya zodagonlarining yuqori jamiyatiga mansub bo‘la boshladilar. Rotshildlar XIX asrdan, AQSHda Federal zaxira tizimi yaratilgandan keyin dunyodagi eng katta boylikka ega bo‘lgan, deb ishoniladi.
LiveBarchasi