Mirziyoyev Elboshini tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. Afg‘oniston masalasi muhokamada
Jamiyat
−
06 iyul 2021
4307O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 6 iyul kuni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev Elboshini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar Qozog‘iston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan.
Nursulton Nazarboyevning zamonaviy Qozog‘istonni barpo etish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishdagi alohida o‘rni, O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash hamda mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga qo‘shayotgan katta hissasi alohida qayd etilgan.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilingan. Savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, turizm sohalaridagi ustuvor loyihalarni, madaniy-gumanitar sohadagi qo‘shma dasturlarni ilgari surish muhim ekani ta’kidlangan.
Shuningdek, mintaqaviy kun tartibi, eng avvalo, Afg‘onistonda keskinlashayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashilgan.
Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi, shu jumladan Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Faxriy raislik qilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilgan.
Ikki birodar mamlakat yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy, ishonchli va do‘stona ruhda o‘tdi.
Nursulton Nazarboyev 1940 yil 6 iyulda Olma-ota viloyatining Qaskelen tumanidagi Chemolg‘an qishlog‘ida Abish va Aljan Nazarboyevlarning oilasida dunyoga kelgan. Nursulton Nazarboyev Katta juzning shaprashti urug‘iga kiradi.
Nursulton Nazarboyev 1960 yil Dneprodzerjinsk texnik uchilishini, 1967 yil Qarag‘anda metallurgiya kombinatiga qarashli oliy texnik o‘quv yurtini, 1976 yil Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasiga qarashli Oliy partiya maktabini bitirgan.
Xizmat yo‘lini 1960 yil Temirtau shahridagi Qarag‘andi metallurgiya kombinatida oddiy ishchi bo‘lib boshladi va domna sexining katta gazchisi vazifasigacha ko‘tarildi.
1960—1969 yillarda — Qarag‘andi metallurgiya zavodida ishladi.
1969—1973 yillarda — Qarag‘andi viloyati Temirtau shahridagi partiya-komsomol ishlarida ma’sulyatli xizmatlar qildi.
1973—1977 yillarda — Qarag‘andi metallurgiya kombinatining portkom kotibi.
1977—1979 yillarda — Qarag‘andi viloyat partiya qo‘mitasining kotibi, 2-kotibi.
1979—1984 yillarda — Qozog‘iston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining kotibi.
1984—1989 yillarda — Qozoq SSR Vazirlar Kengashi raisi.
1989—1991 yillarda — Qozog‘iston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi.
1990-yil fevral—aprel orasida Qozoq SSR Oliy Sovetining raisi bo‘ldi.
Prezidentlikka yo‘l
U 1990 yilning aprelidan Qozoq SSR Prezidenti lavozimini egallaydi. 1991 yil 1 dekabrda ilk bor Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining umumxalq saylovi bo‘lib o‘tadi. Saylov natijasida Nursulton Abishevich Nazarboyev 98,7 % foiz ovoz bilan g‘alabaga erishadi. 1995 yil 29 aprelda umumxalq referendumi natijasida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Abishevich Nazarboyevning vakolati 2000 yilgacha uzaytiriladi. 1999 yil 10 yanvarda o‘tgan umumxalq saylovning natijasida Nazarboyev 79,78 % ovoz yig‘ib, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylandi. 2005 yil 4 dekabrda saylovda 91,5 % ovozga ega bo‘lib, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti bo‘lib qaytadan lavozimni egallaydi. O‘sha vaqtda muxolifat va g‘arb nazoratchilari saylov natijalarini tan olmaydi va ularning fikricha, saylov demokratik tamoyillarga mos ravishda o‘tkazilmagan.
Nazarboyev 2011 yil 3 aprelda belgilangan muddatidan oldin bo‘lgan prezident saylovida to‘rtinchi bor 95,5 foiz ovoz bilan Qozog‘iston Respublikasining Prezidenti lavozimini egallaydi. Uning galdagi muddati 2016 yilgacha edi.
Qozog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasiga ko‘ra, ayni bir shaxs surunkali ravishda ikki muddatdan ortiq Qozog‘iston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas. Qozog‘iston Respublikasining Prezidenti Qozog‘iston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan besh yil muddatga saylanadi. Agarda u Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti bo‘lsa, qonunda bunga cheklash qo‘yilmagan.
2011 yil dekabr oyida Mang‘istau viloyatida Nazarboyev hokimiyatiga qarshi qat’iy naroziliklar uyushtirildi. Xalqaro OAV buni Nazarboyev boshqaruv vaqtidagi eng katta qat’iy naroziliklar aksiyasi deb baholadi.
Xotini — Sara Nazarboyeva — Xalqaro “Bo‘bek” bolalar xayriya fondini boshqaradi.
Prezidentning uchta qizi bor:
Darig‘a — siyosiy fanlar doktori, "Xabar" Axborot agentligining direktorlar Kenggashining raisi, 2020 yilning 4 mayigacha Qozog‘iston Respublikasi Senati a’zosi bo‘lgan.
Dinara — Nursulton Nazarboyev nomli ta’lim fondiga boshchilik qiladi. “Forbes” jurnalining ma’lumoti bo‘yicha 2011 yilda 1,3 milliard AQSH dollarini tashkil qiluvchi boyligi bilan Qozog‘istonning eng boy ayoli hisoblanadi. Timur Quliboyevning rafiqasi.
Aliya — biznes bilan shug‘ullanadi. “Yelitstroy” qurulish kompaniyasini boshqaradi.
Nursulton Nazarboyevning yettita nevarasi va ikkita chevarasi bor.
Hamon ot ustida
Nazarboyev 1989 yildan boshlab davlat boshiga keldi. 2019 yilning mart oyida o‘z xohishi bilan Prezidentlikni Senat raisi Qosim-Jomart To‘qayevga toshirdi. Shundan buyon u mamlakat Elboshisi sifatida Xavfsizlik kengashiga raislik qilib kelmoqda.
Bundan bir necha yil avval, Nazarboyev dunyodagi eng badavlat va qudratli davlat rahbarlari reytinggida 10-o‘rinni egallagan.
Nazarboyevning urug‘-aymoqlari to‘plagan boylik $7 mlrd AQSH dollari deb baholanadi.
Prezidentning tug‘ilgan kuni, davlat bayrami hisoblanadi. U Poytaxt kuni bilan birga nishonlanadi. 7 may — Prezidentning katta qizi Darig‘a Nazarboyevaning tug‘ilgan kuni va Vatan himoyachilari kuni. Har ikkala kun ham dam olish kuni hisoblanadi.
Nursulton Nazarboyevga atab Olma-otadagi Prezident parkida, Cho‘lpon-otada, Nur-Sultonda, Ukrainada va Anqarada yodgorliklar qo‘yilgan.
Iordaniya, Turkiya va Chechenistonda Nursulton Nazarboyev nomi bilan ataluvchi ko‘chalar bor. Shunigdek, Chechenistonda Nursulton Nazarboyev nomidagi litsey ham faoliyat yuritadi.
LiveBarchasi