Mirziyoyev Buxoroda gaz-kimyo majmuasi, quyosh elektr stansiyasi va aeroport qurilishini boshlab berdi
Jamiyat
−
31 may
6904Bugun, 31 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida gaz-kimyo majmuasi, quyosh elektr stansiyasi, Buxoro xalqaro aeroporti qurilishi rejalashtirilgani munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda qatnashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ulardan biri “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasida quriladigan gaz-kimyo majmuasidir. U “methanol to olefins” (MTO) texnologiyasi asosida ishlaydigan O‘zbekistondagi birinchi zavod bo‘ladi.
Loyiha doirasida qariyb 5 milliard dollar investitsiya jalb etilib, AQSH, Germaniya, Daniya, Avstriya, Italiya va Xitoyning eng ilg‘or texnologiyalari keltirib o‘rnatiladi. Yagona majmua doirasida yiliga 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz va 430 ming tonna neft qayta ishlanib, O‘zbekiston va jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan 1,1 million tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday mahsulotlar gaz narxiga nisbatan 5 barobar ko‘p qo‘shilgan qiymat beradi.
Yangi zavodda 2 ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, u qurilish, to‘qimachilik, charm-poyabzal, avtomobilsozlik, elektrotexnika va boshqa turdosh sohalarda o‘nlab korxonalar, yana 4 mingta ish o‘rni ochilishiga turtki bo‘ladi.
"Ushbu loyihalar ishga tushirilishi natijasida Buxoroda nafaqat turizm, balki sanoat ham haqiqiy “drayver”ga aylanadi. Iqtisodiyotning barqaror o‘sishi elektr energiyaga bo‘lgan talabni yiliga o‘rtacha 6 foizga oshirmoqda. Shu bois joylarda yangi generatsiya quvvatlari barpo etib borilmoqda", deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, joriy yilning o‘zida 14 ta quyosh va shamol stansiyasining dastlabki 2,6 gigavatti tarmoqqa ulanadi. Natijada mamlakatda ishlab chiqariladigan jami quvvatda muqobil energiya ulushi 9 foizdan 15 foizga oshadi. Umuman, 2030 yilgacha bu ko‘rsatkichni 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.
"Bunda, albatta, serquyosh Buxoro alohida o‘rin tutadi. Hozirgi kunda viloyatda qariyb 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 4 gigavattli 9 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Endi ularning safiga Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan quriladigan 250 megavattli quyosh elektr stansiyasi ham qo‘shiladi. Bu loyiha uchun Olot tumanidan 648 gektar yer ajratilgan. Stansiya 2025 yil dekabrda yagona elektr tarmog‘iga ulanishi rejalashtirilgan", deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Buxoro viloyatida Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Xitoyning “Gezhouba” kompaniyalari tomonidan ham muqobil energiya majmualari barpo etilmoqda. 2030 yilga borib viloyatdagi quvvatlar 9 karra ortib, yiliga 12,5 milliard kilovatt soat “yashil” energiya ishlab chiqariladi.
Startdagi yana bir loyiha – yangi xalqaro aeroport. Xususiy sheriklik shartlari asosida Buxoro tumanida yangi xalqaro aeroport qurish ko‘zda tutilgan. 226 million dollarlik ushbu loyiha doirasida jahon standartlariga mos aeroport infratuzilmasi tashkil etiladi. Soatiga 1 ming 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Yo‘lovchi va havo kemalariga servis sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalar jalb qilinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur majmualar qurilishini boshlab berdi.
Shu yerda Buxoro viloyatida qurilishi rejalashtirilgan majmualar, jumladan, yangi aeroport loyihasi taqdimot qilindi.