Mirziyoyev bir yilda ikkinchi marta Iftixor mahallasiga bordi
Jamiyat
−
16 Oktabr 2021
9482Bugun, 16 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi Iftixor mahallasida bo‘lib, u yerdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Qayd etish kerakki, Mirziyoyev joriy yilning 18 mart kuni Chirchiq shahrida bo‘lganida Iftixor mahallasidagi ahvolni ko‘rgan, odamlardan hududdagi muammolarni so‘rab, ularni hal etish bo‘yicha vazifalar belgilagan edi.
Shundan so‘ng mahalla butunlay o‘zgardi. 16 ta ko‘p qavatli uyning kommunal tarmoqlari va tashqi qiyofasi yangilandi. Uylar oldida bolalar o‘yingohlari, sport maydonchalari, avtoturargohlar tashkil etildi. Yo‘laklar asfaltlanib, ko‘chalarga yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Hudud obodonlashtirilib, maysazorlar barpo etildi. Mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino, kutubxona qurildi.
Mahalladagi 300 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 1 ming 250 o‘rinli 7-umumta’lim maktabi ham mukammal ta’mirlangan. Davlat rahbari maktabdagi sharoitlar bilan tanishdi.
“Sizlar zamonaviy bilim olib, ertaga Yangi O‘zbekistonning munosib vorislari bo‘lib ulg‘ayishingiz uchun hamma sharoitlarni yaratamiz. Yaxshi o‘qib, sog‘lom bo‘lib ulg‘aysangiz, mening niyatim shu. Chunki, najot – ta’limda, bilimda”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda mahalla faollari, nuroniylar bilan suhbat bo‘ldi.
“Ko‘p-ko‘p shaharlarga, uzoq-uzoq qishloqlarga borib, odamlarni rozi qilishga harakat qilayapmiz. Chirchiqda ham odamlar qiynaldi, umidsizlikka ham tushib qolgandi. Mana, endi o‘zgarishlarni ko‘rib, ishonch paydo bo‘ldi, “qilsa bo‘lar ekan-ku!” deyapti. Uylar qurilyapti, suv, issiqlik tizimi yaxshilanyapti, bog‘lar tashkil qilinayapti. Bunday ishlar hali davom etadi. Chirchiqni odamlar kelib havas qiladigan shaharga, viloyatda namunaga aylantirishimiz kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Iftixor mahallasida 2 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. Bugungi kunda hududda barcha qulayliklarga ega 2 ming 500 xonadonli 39 ta ko‘p qavatli uy qurilmoqda. Keyingi bosqichda, bu yerda yana 3 ming 500 oilaga mo‘ljallangan 56 ta zamonaviy uy barpo etiladi.
Mazkur mahallaga yondosh hududda 50 ta 2 qavatli kottejlar ham qurilmoqda. Prezident ushbu uylarni kirib ko‘rdi.
LiveBarchasi