Mirziyoyev beshta siyosiy partiya rahbarlari bilan uchrashdi
Jamiyat
−
02 fevral 2021
9582O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 2 fevral kuni mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ochiq muloqot chog‘ida partiyalarning jamiyat siyosiy-ijtimoiy hayotidagi o‘rni va rolini oshirish masalalari, bugungi kunda ular oldida turgan asosiy vazifalar haqida atroflicha fikr almashilgan.
Davlat va jamiyat hayotiga doir keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda, xalqimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishda siyosiy partiyalarning o‘rni kattaligi ta’kidlangan.
Uchrashuvda ijtimoiy sohalar, ayniqsa, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Siyosiy partiyalar o‘z deputatlari orqali joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o‘rganishi, ularning yechimi bo‘yicha takliflar berishi, ayniqsa, ta’sirchan Parlament va jamoatchilik nazoratini olib borishi muhimligi qayd etilgan.
Partiyalar o‘z elektorati, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar va nuroniylar bilan ishlash, ularning hayotiy muhim manfaatlarini ta’minlashga ko‘maklashishi zarurligi haqida yakdil fikr bildirilgan.
Shuningdek, har bir partiya o‘z dasturiy maqsadlarini Parlamentga faol olib chiqishi, o‘z fraksiyalari orqali qonunchilik tashabbuslarini ilgari surishi va qonunlar ijrosini ta’minlashni nazoratiga olishi zarurligi haqida fikr almashilgan.
Muloqot jarayonida siyosiy partiyalar faoliyati bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda, chuqur tahlil qilinib, ularning ishini takomillashtirish va samarasini oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalar, amaliy takliflar bildirilgan.
Uchrashuvda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda Ekologik partiya, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi rahbarlari ishtirok etgan.
LiveBarchasi