Mirziyoyev Bakuda Ilhom Aliyev bilan uchrashdi
Jamiyat
−
01 mart 2023 6542 2 daqiqa
Avval xabar berganimizdek, bugun, 1 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Ozarbayjonga bordi. Mirziyoyev Baku shahriga kelgach, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ozarbayjon yetakchisi ertaga, 2 mart kuni mamlakat poytaxtida bo‘lib o‘tadigan Qo‘shilmaslik harakati sammitini qo‘llab-quvvatlagani va unda shaxsan ishtirok etayotgani uchun O‘zbekiston rahbariga samimiy minnatdorlik bildirgan.

Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, Ozarbayjon ushbu tuzilmaga samarali raislik qilayotganini alohida ta’kidlagan.
Prezidentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini batafsil ko‘rib chiqqan. Tizimli va samarali muloqotlar tufayli O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani, amaliy mazmun bilan boyigani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 50 foizdan ziyodga oshgan.
Avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati va ipakchilik kabi ustuvor tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirdi. Neft-gaz, transport va logistika sohalarida istiqbolli loyihalar tayyorlanmoqda.

Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahrida o‘tgan birinchi Hududlar forumi doirasida qo‘shma Investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Mamlakatlar erkin iqtisodiy zonalarni va soliq ma’muriyatchiligi tizimini rivojlantirish borasida o‘zaro tajriba almashishdan manfaatdorligi ta’kidlangan.

Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirish muhimligi qayd etilgan.
Davlat rahbarlari dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilib, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv har doimgidek ochiq, samimiy va do‘stona muhitda o‘tgan.
Live
Barchasi