Mirziyoyev avgustning asosiy voqeasiga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi

Jamiyat

image

Bugun, 3 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan muloqotiga tayyorgarlikning borishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumki, 2021 yil 20 avgust kuni davlat rahbari tadbirkorlar bilan ilk bor ochiq muloqot o‘tkazgan edi. Bu sana mamlakatda “Tadbirkorlar kuni” sifatida belgilanib, bunday uchrashuvlar an’anaviy tarzda, har yili tashkil etiladigan bo‘ldi.

“Bu yil ham mazkur muloqotga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Tadbirkorlardan savol va takliflarni yig‘ish bo‘yicha respublika shtabi hamda “koll-markaz” tashkil etilgan. Unga bugungi kungacha 7 ming 200 dan ortiq taklif va murojaatlar kelib tushgan. Respublika shtabi a’zolari ularda ko‘tarilgan tizimli va xususiy masalalarni har kuni muhokama qilib bormoqda. Ularning aksariyati joyida hal etilmoqda. Yig‘ilishda davlatimiz rahbari sohadagi tizimli muammolarga alohida e’tibor qaratdi”, deyiladi xabarda.

Tahlillarga ko‘ra, xususiy mulk himoyasi, litsenziya va ruxsatnomalar olishdagi byurokratiya, tadbirkorlar uchun kredit, yer va bino ajratish, soliq ma’murchiligi hamda infratuzilma masalalari dolzarb bo‘lib turibdi. Yig‘ilishda bu muammolarning sabablari va ularni hal etish choralari muhokama qilingan.

Qayd etilishicha, davlat rahbari har bir murojaatni, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesni qiynayotgan masalalarni alohida nazoratga olib, qonuniy va ijobiy yechim topish zarurligini ta’kidlagan. Hududlarga chiqib, tadbirkorlarning muammo va takliflarini o‘rganish asosida biznes uchun sharoitlarni yaxshilash, tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar bergan.

Avgust oyi o‘rtasidan boshlab, joylarda vazirlar va hokimlar ishtirokida tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi o‘tkazilishi belgilangan. 

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokidagi uchrashuv bu haftalikning yakuniy va asosiy voqeasi bo‘ladi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

174

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing