Mirziyoyev aholi qancha elektr energiyasiga muhtoj ekanini aytdi
Jamiyat
−
10 iyun 2022
9744Hozirgi kunda aholida kamida 2-3 milliard kilovatt soat qo‘shimcha elektr energiyasiga talab mavjud. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda so‘nggi yillardagi islohotlar natijasida aholining elektr ta’minotidagi uzilishlar ancha qisqargani ta’kidlangan. Lekin, kuz-qish mavsumida aholining gazga bo‘lgan ehtiyoji keskin oshishi sababli barcha yuklama elektr tarmoqlariga tushayotgani aytib o‘tilgan.
Davlat rahbariga ko‘ra, hozirgi kunda aholining kamida 2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qo‘shimcha talabi mavjud. Kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj yana 10 milliard kilovatt soatga oshadi. Bunday vaziyatda eng samarali yo‘l – muqobil energiyadan foydalanishni ko‘paytirish.
Bu borada 2019 yilda alohida jamg‘arma tashkil qilinib, aholiga byudjetdan subsidiya berish tizimi joriy etilgan.
Mirziyoyev, shuningdek birorta viloyat, tuman va shahar hokimida yoki vazirda o‘z tizimidagi tashkilotlarda energiya iste’moli, uni tejash, muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha hisob-kitob yo‘qligi, ular joriy qilingan subsidiya va kompensatsiyadan o‘z tarmog‘i yoki hududida foydalanish bo‘yicha jon kuydirmagani tanqid qilgan.
Prezident ushbu masala umummilliy ahamiyatga egaligini qayd etib, muqobil energiya uskunasini o‘rnatgan aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishini ta’kidlagan
Bunda, aholi va tadbirkorlarga:
• o‘rnatilgan quyosh va shamol elektr uskunalari uchun quvvatiga qarab 15 million so‘mgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi;
• yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Ushbu tizim Energetika vazirligining maxsus jamg‘armasi orqali joriy etilishi belgilangan.
LiveBarchasi