Mirziyoyev JST bosh direktori bilan uchrashdi
Jamiyat
−
13 noyabr
2756Baku shahrida o‘tayotgan iqlim bo‘yicha SOR29 konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Milliy pavilonida Prezident Shavkat Mirziyoyev Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi masalalarida amaliy hamkorlikni mustahkamlashning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqilgan.
"Ishchi guruh yig‘ilishlarini o‘tkazish, shuningdek, ushbu xalqaro tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan olib borilayotgan muzokaralar sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi", deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, O‘zbekistonda milliy qonunchilikni JST me’yorlari va qoidalariga uyg‘unlashtirish, jumladan, eksport subsidiyalarini bekor qilish bo‘yicha ishlar faol olib borilmoqda. Xalqaro savdoni tartibga solish masalalarida o‘zbekistonlik mutaxassislar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, muzokaralarni yakunlash va yaqin yillarda O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.
Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, O‘zbekiston 30 yildan buyon Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun harakat qilayotgan davlat sifatida dunyoda rekord qozonmoqda. Birinchi Prezident Islom Karimov davrida tashlangan ilk qadamlar 2016 yilgacha bo‘lgan davrda bir necha bor falaj holatga kelib qolgan. Prezident Mirziyoyev davrida esa O‘zbekiston yana JST tomon harakatni boshladi va hammasi ko‘ngildagidek ketsa, mamlakat 2026 yilda yilda ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish istagida.
Oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha istaklariga Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva boshchilik qilayotgani ko‘zga tashlanadi. Mirziyoyeva shu yilning o‘zida ikki marta JST Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashib, muloqot qilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada O‘zbekiston AQSH bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagandi. Hozirda tomonlar bozorga kirish to‘g‘risidagi bayonnomani imzolashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu orqali AQSH O‘zbekiston bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan 21-davlat bo‘ladi.