Mirziyoyev 1000 nafar xodimni xorijga stajirovkaga yuborish haqidagi qarorni imzoladi

Jamiyat

image

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar:

• O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining tashkiliy tuzilmasi;
    
• O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi markaziy apparatining tuzilmasi;
  
• O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi filiallarining namunaviy tuzilmasi;
   
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktoriga quyidagi huquqlar berildi:

• zarur hollarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, shu jumladan uning markaziy apparati tashkiliy tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan soni hamda mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

• Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga yuklangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida malakali va yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan xorijda yashayotgan vatandoshlarni Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining rahbar lavozimlariga va maslahatchilar sifatida jalb qilish;

• O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xodimlari uchun lavozim maoshlariga (tarif stavkalariga) ustamalar va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni belgilash.
Quyidagilar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

• O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
    
• Jamg‘arma mablag‘lari;
  
• xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik ko‘mak vositalari va grantlari;
  
• qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilanishicha:
• Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori uch nafar o‘rinbosarga, shu jumladan bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

• Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosariga, direktor o‘rinbosari esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

•davlat fuqarolik xizmatchilaridan iborat bo‘lgan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xodimlari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimlari uchun belgilangan moddiy rag‘batlantirish va mehnatga haq to‘lash, tibbiy xizmat ko‘rsatish shartlari tatbiq etiladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga quyidagi vakolatlar berildi:

• davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi bo‘yicha qonun hujjatlarining so‘zsiz bajarilishini, zarur hollarda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari xodimlarini jalb qilgan holda o‘rganish;

• davlat organlari va tashkilotlariga davlat fuqarolik xizmati sohasida ishlarni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarni belgilangan tartibda kiritish;

• davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslariga davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, davlat fuqarolik xizmatchilarining huquq va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida yozma ogohlantirish e’lon qilish;

• davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;

• o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa ma’lumotlarni so‘rash va olish;

• davlat organlari va tashkilotlarining davlat fuqarolik xizmati masalalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq majlislari, yig‘ilishlari va hay’at majlislarida ishtirok etish;

• o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun, zarur hollarda, davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislarini jalb qilish, ishchi guruhlar tuzish;

davlat organlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat fuqarolik xizmati sohasidagi qonun hujjatlariga zid hujjatlarini to‘xtatish yoki bekor qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

Qayd etilishicha, davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar bo‘linmalari respublikada kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmatining zamonaviy tamoyillarini joriy etishda eng muhim bo‘g‘in hisoblanadi.

Quyidagilar davlat organlari va tashkilotlari kadrlar bo‘linmalarining asosiy vazifalari etib belgilandi:

• zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda kadrlarni saralab olish va joy-joyiga qo‘yishning maksimal darajada shaffof va adolatli tartibini joriy etish;

• muvaffaqiyatli xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda menejmentning zamonaviy tizimlari asosida kadrlar bilan ishlash mexanizmini takomillashtirish;

• kadrlarni boshqarish sohasida xodimlar tarkibining son va sifat xususiyatlari davlat organlari va tashkilotlari oldida turgan vazifalarga muvofiq kelishiga erishish va uni saqlab qolishga yo‘naltirilgan siyosatni shakllantirish va amalga oshirish;

• davlat organlari va tashkilotlarning mehnat resurslariga bo‘lgan ehtiyojlarini davlat organlari va tashkilotlari oldida turgan vazifalarga, ularni rivojlantirish strategiyalariga, shuningdek, mehnat bozoridagi o‘zgarib borayotgan tashqi va ichki kon’yunkturaga mos ravishda qanoatlantirish;

• davlat organlari va tashkilotlari xodimlari uchun mansab pog‘onalaridan ko‘tarilishda mehnat faoliyatini axloq-iroda sifatlari, iqtidori va ko‘nikmalarini ob’ektiv baholashga asoslangan teng imkoniyatlar yaratish;

•kadrlar salohiyatini doimiy rivojlantirish va maksimal to‘liq ishtirok etishini ta’minlash asosida davlat organlari va tashkilotlari oldida turgan vazifalarga erishishda har bir xodimning shaxsiy hissasini oshirishda ko‘maklashish;

• davlat fuqarolik xizmatchilarida yuksak kasbiy odob-axloqni, korrupsiyaga qarshi turish madaniyatini va unga toqat qilib bo‘lmaydigan munosabatni shakllantirish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rish;

• muntazam asosda kadrlarning professional darajasini oshirish, bunda ularning uzluksiz ta’lim olishini (sohaga oid va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda), shu jumladan xorijda tashkil etish.

• Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda uch oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarining o‘rta va quyi bo‘g‘inidagi eng istiqbolli xodimlarning kamida 1000 nafarini 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan muddatda Koreya Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropa mamlakatlari va boshqa rivojlangan xorijiy davlatlarga stajirovkaga bosqichma-bosqich yuborish bo‘yicha besh yilga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilishini ta’minlaydi.

Belgilanishicha:

• xorijiy stajirovkani o‘tayotgan shaxslarga, stajirovka o‘tayotgan mamlakatdagi O‘zbekiston Respublikasi elchisi mehnatiga haq to‘lash miqdorining 60 foizi miqdorida o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanadi;

• xorijiy stajirovkani o‘tash uchun yuborilayotgan shaxslar hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va yuborayotgan davlat organi yoki tashkiloti o‘rtasida tomonlarning majburiyatlari, shu jumladan yuborilayotgan shaxs tomonidan stajirovka tugagandan so‘ng davlat organi va tashkilotida kamida ikki yil ishlab berish majburiyati bayon etilgan kontrakt tuziladi;

mazkur bandni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar Jamg‘arma mablag‘lari, xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa donorlarning texnik ko‘magi va grantlari hisobidan qoplanadi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida davlat fuqarolik xizmatchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, yangi kompetensiyalarni o‘rgatishni tashkil etish maqsadida ilg‘or jahon standartlari asosida jihozlangan Davlat fuqarolik xizmatchilari malakasini oshirish markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 43-uy, 1-korpus manzili bo‘yicha joylashtiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi

Baholaganlar

40

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar