Mirziyoyev hokimiyatdagi ayrim mansabdorlarni tanqid qildi
Jamiyat
−
08 Sentabr 2023
10427Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan sanoat korxonalari barqaror ishlashi uchun tarmoq va hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida viloyat hokimlarining mahalliylashtirish bo‘yicha yordamchilari tanqid ostiga olindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, mavjud konlarni o‘zlashtirib, qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga sanoat hajmi Kitobda 19 foizga, Qo‘shrabotda 10 foizga o‘sgan. "Pistali” oltin konida yangi metallurgiya zavodini muddatidan oldin ishga tushirish hisobiga shu yil qo‘shimcha 840 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. Zavoddagi qariyb 50 million dollarlik uskunalar sanoat kooperatsiyasi asosida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan.
Shuningdek, Toshloqda yil yakunigacha qo‘shimcha 1 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati aniqlandi.
Shu bilan birga, 34 ta tuman va shaharda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan pasaygan. Ayrim tarmoqlarda, shu jumladan farmatsevtika, charm-poyabzal, to‘qimachilik sanoatida ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’ati sekinlashgan.
Videoselektor davomida, yana bir imkoniyat – tumanlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish ekanligi ta’kidlandi.
“Olmaliq” kombinati mahalliy sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani yo‘lga qo‘yib, polimer, quyma ehtiyot qismlar, kimyoviy reagent kabi 1 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
Qayd etilishicha, xuddi shunday imkoniyatlar Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Xorazmda ham mavjud.
"Lekin bu borada viloyat hokimlarining mahalliylashtirish bo‘yicha yordamchilari ishi mutlaqo sezilmayapti. Ularda na taklif, na tashabbus bor”, deydi Prezident.
LiveBarchasi