“Mirabad Avenue” ostida uxlayotgan insof yoxud 2 sotix yerning bahosi 600 000 dollarmi?

Jamiyat

Mirobod. Shaharning qoq markazi. Bu yerda Toshkentning eski manzarasidan asar ham qolmadi. Bugun shaharning eng qimmatbaho va zamonaviy turar joy majmuasi joylashgan bu yerda avvallari pana-pastqam uylar, kafelar, mayxonalar bo‘lardi. Kafe va do‘konlardan chiqqan chiqindilar tuni bilan atrofda yashaydiganlarni bexuzur qilgani ham bor gap. Ikki yil ichida esa ushbu tuman butkul yangi ko‘rinish kasb etdi. Ammo chiroyli va osmono‘par inshoot ortida dilni xira qiladigan manzara yo‘q emas.

Xalqimizda bir maqol bor: qo‘shning tinch – sen tinch. Qo‘shni bo‘lgandan keyin u bilan har qanday vaziyatda murosayu madora qilib yashashga to‘g‘ri keladi. Katta Mirobod ko‘chasidagi fuqarolar va ularning tom ma’nodagi qo‘shnilari o‘rtasida mana 4 yildirki hamon murosa yo‘li topilmayapti. Shu sababli Mirobod tumanining Katta Mirobod ko‘chasida yashovchi aholi vakillari QALAMPIR.UZ’ga murojaat qilishdi. 

Gap shundaki, Katta Mirobod ko‘chasida yashovchi fuqarolarga 2017 yilda uylari “snos”ga tushgani haqida xabar keladi. Shundan so‘ng, “Absolute Business Trade” qurilish kompaniyasi tomonidan “Mirabad Avenue” nomli turar joy kompleksi uchun mazkur hududda yashovchi fuqarolarning uylarini bozor qiymatidan kelib chiqqan holda baholash ishlari boshlangan. Qurilish kompaniyasi mulkni baholash xulosalaridan kelib chiqib, aholiga ularning uylari uchun mablag‘ yoki ko‘chmas mulk taklif qilgan. Uyi evaziga taklif qilingan mablag‘ yoki o‘rniga berish uchun ko‘rsatilgan uy ma’qul kelgan mulkdorlar esa o‘z ixtiyorlari bilan boshqa hududga ko‘chib o‘tgan. Natijada esa kompaniya o‘zi sotib olgan hududda qurilish ishlarini boshlab yuborgan.

Ammo, “Absolute Business Trade” qurilish kompaniyasi tomonidan uylarga qo‘yilayotgan narx va ular taklif qilayotgan ko‘chmas mulk ma’qul kelmagan fuqarolar ham topiladi. Kompaniyaning takliflarini qabul qilmay, hamon o‘z uyida yashab kelayotgan Dilmurod Mirusmonov  “Absolute Business Trade” uning mulki uchun past narx taklif qilganidan norozi.

“Absolute Business Trade” qurilish kompaniyasidan uyimizni sotib olmoqchi bo‘lib bir necha marta vakillar keldi. Bu holat uch yildan beri davom etyapti. Shaxsan meni 3 sotixli hovlimga 70 ming AQSH dollari berishmoqchi. Biz qurilish kompaniyasining shu kabi past takliflariga rozi bo‘lmaganimiz uchun endi ular bizni sudga bergan. Fuqarolik sudiga majburiy ko‘chirish bo‘yicha da’vo arizasi kiritishgan. Ayni damda bu ariza ko‘rib chiqilmoqda.
Agar qaror ularning foydasiga chiqadigan bo‘lsa, MIB xodimlari kelib uydan majburlab chiqarishni boshlaydi. Biz nima uchun o‘z uyimizdan chiqib ketishimiz kerak?!”, deydi murojaatchi.


Lekin Katta Mirobod mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolarning ayrim gaplari qurilish firmasining bergan ma’lumotlariga zid kelish holatlari ham uchramoqda. 

Fuqaro Dilmurod Mirusmonovning so‘zlariga ko‘ra, uyining yashash maydoni 300 kv.m. ga teng. Lekin “ABSOLUTE BUSINESS TRED” MCHJ qurilish firmasining bergan ma’lumotlarida esa aslida ushbu fuqaroning umumiy yer maydoni 305 kv.m. bo‘lib, binolarning yashash maydoni 119 kv.m. aniqlangan. Bundan tashqari fuqaro Dilmurod Mirusmonovning  uyi  “Toshkent shahar Yer tuzish va kuchmas mulk kadastri” davlat korxonasi tomonidan 427 millionnga baxolangan.

Katta Mirobod ko‘chasida yashovchi ayrim fuqarolar qurilish kompaniyasi tomonidan taklif qilingan mablag‘ kam ekani uchun ham o‘z uylarini sotmayapti. Xususan, fuqaro Muazzam Mirzayeva kompaniya taklif qilgan mablag‘dan norozi.

“2017 yilda bizning qo‘limizga “uyingiz “snos”ga tushdi”, degan xat berib ketishdi. Shundan keyin hech kim kelmadi. Yaqinda bitta vakil kelib “Uyingizning kvadrati kichkina ekan. Sizga ikki xonali uy beramiz”, dedi. Men esa unga bu taklifi bizga to‘g‘ri kelmasligini aytdim. Shu bilan qaytib kelmadi. Ular bermoqchi bo‘lgan uy 52 kvadrat bo‘lgani uchun bizga ma’qul kelmadi. Chunki biz 8 nafarmiz. Bizga ko‘p qavatli uy emas, hovli kerak. Kompaniya bizga uchta oilaning uy olishiga yetarli mablag‘ bersa, shuning o‘zi kifoya”, deydi Muazzam Mirzayeva.

Shu o‘rinda bizda bir savol tug‘ildi: qurilish kompaniyasi tomonidan fuqarolarning huquqlari buzilayotgan ekan, nima uchun ular shu paytga qadar sudga murojaat qilmadilar? Mazkur savol bilan aholi vakillariga mikrofon tutganimizda ulardan tayinli javob ololmadik. Katta Mirobod ko‘chasida yashovchi fuqarolardan biri kompaniya juda kam miqdorda pul taklif qilganini aytsa, boshqasi esa majburiy ko‘chirish bo‘yicha sudga murojaat qilishganidan norozi ekanliklarini bildirdi. Biz esa ikkinchi tomonga ham quloq tutish maqsadida “Absolute Business Trade” qurilish kompaniyasiga tegishli “Mirabad Avenue” majmuasining sotuv ofisiga bordik. U yerda bizni “Absolute Business Trade” MCHJ vakili, "Interlex" yuridik kompaniyasi mutaxassisi Azamat Ergashev qarshi oldi. Kompaniya vakilining aytishicha, ushbu loyihaning qurilishida hech qanday noqonuniy holat mavjud emas.

“Ushbu loyiha Toshkent shahar hokimining 2017 yildagi 1218-sonli qaroriga asosan tasdiqlangan. Shuningdek, mazkur qarorga asosan qurilish uchun 6 gektar yer ajratilgan. Shu paytga qadar biz olib borayotgan qurilish ishlari bo‘yicha hech qanday e’tiroz bo‘lmagan va kompaniya tomonidan hech qanday qoidalar buzilmagan. Aholi bilan kelishish haqida gapiradigan bo‘lsak, to‘g‘ri bu borada biroz muammoli vaziyatlar mavjud. Biz ularning ko‘chmas mulklari o‘rniga turli xildagi takliflar bilan imkon qadar murosa qilishga harakat qilyapmiz. 2017 yildan bugungacha birorta fuqaroning uyiga o‘z narxidan past narx taklif qilmaganmiz. Har doim ularning istagiga ko‘ra xoh mablag‘ ko‘rinishida, xoh turar joy ko‘rinishida talablari qondirilgan. Ko‘chirilishi kerak bo‘lgan fuqarolarning 80 foizi bilan kelishib bo‘lganmiz. Biz bergan takliflar ularga ma’qul kelgan. Ammo hozir ko‘chishni istamayotgan, bizning takliflarimizni past, deb hisoblayotgan 20 foiz fuqarolar bilan esa murosa qilishda biroz muammolar yuzaga kelyapti.

Ammo, shunday fuqarolar ham borki, uyining bozor qiymatidagi narxidan bir necha marotaba qimmat narx talab qilishadi”, deydi Azamat Ergashev.

Katta Mirobod 1-tor ko‘chasi 18-uyda yashovchi fuqaro Vasiliy Soyning aytishicha, 2020 yilning dekabr oyida qurilish kompaniyasi tomonidan uning 4 sotixli hovlisining yarmi hech qanday ogohlantirishsiz buzib tashlangan. U tayyor uyi buzilgani va atrofida qurilish allaqachon boshlanganidan norozi. Bu kamdek gaz, “svet”, suv ham hech qanday ogohlantirishsiz uzib qo‘yilgan.

“Hech qanday ogohlantirish va qarorsiz uyimning yarmini buzishni boshlashdi. Bizga hujjatlar borligini aytishdi, lekin ko‘rmaganmiz. 4 sotix uyimni yarmini buzib, gaz, “svet” va suvni ham uzib tashlashdi. Hozir yashashning iloji yo‘q. Kompaniya bilan muzokaralar davom etyapti. Uyimni qayta qurib berishlarini aytyapman. Uyim joylashgan hudud yaxshi joyda. Bu yerda yashash yaxshi, lekin hamma kommunikatsiyalar uzilgan va uy atrofida to‘liq qurilish bo‘layapti. Shu sababli ham yashashning imkoni yo‘q”, deydi fuqaro.

Vasiliy Soy advokatining so‘ziga ko‘ra fuqaro Soy yashab turgan uy uchun qurilish firmasi tomonidan 40 ming AQSH dollari kompensatsiya taklif qilganini aytmoqda. Lekin  “ABSOLUTE BUSINESS TRED” MCHJ qurilish firmasi tomonidan Vasiliy Soyga yuborgan xatiga ko‘ra qurilish firmasi fuqaro Vasiliy Soyga qariyb 90 ming AQSH dollari  kampenmatsiya to‘lashni yoki Yakkasaroy tumani Muqumiy ko‘chasida joylashgan uylarda umumiy maydoni 67 kv.m. 3 xonali uy taklif qilishganini keltirilgan.


Vasiliy Soy hovlisining yarmi mulkdorni ogohlantirmasdan buzib tashlangani yuzasidan kompaniya vakiliga murojaat qilganimizda u uyning buzilishi ikkinchi mulkdor bilan kelishilganini ma’lum qildi.

 

“Vasiliy Soy aytayotgan uy, uning turmush o‘rtog‘iga tegishli. Mulkdorlar o‘z ixtiyorlari bilan uyni egalik qilish va sotish huquqiga ega, aynan shu asosda uyni boshqa mulkdor “Absolute Business Trade”ga sotgan va buzish ishlari boshlangan. Vasiliy Soy bilan ham bir necha marotaba murosa qilishga harakat qildik. Uyning maydoni qancha bo‘lsa, shuncha kvadratda yangi qurilgan uylardan yoki kompensatsiyalar berish bo‘yicha bir necha marotaba murojaat qilganmiz. Afsuski, shu vaqtgacha tayinli javob yo‘q.

Vasiliy Soy o‘ziga tegishli 2 sotix joy uchun 600 ming AQSH dollari miqdorida pul bersak, uyini buzilishiga rozilik berishini aytgandi. Soyning uyida yaqin kunlarda hech kim yashamaganini bilish qiyin emas. Uyning holati 600 ming AQSH dollariga javob bermaydi. Biz o‘zini uyidan yaxshi holatda uy qurib berishni taklif ham qilyapmiz, lekin vaqt cho‘zish maqsadida aniq javob berilmayapti”, deydi kompaniya vakili Azamat Ergashev.

Fuqarolar bizga yo‘llagan murojaatlarida uylari shunchaki buzib tashlanayotgani, mulk huquqlari toptalayotganini, qurilish kompaniyasi ularning mulkiga o‘z narxidan kam mablag‘ taklif qilayotganini aytgandi. Jurnalistik surishtiruvimiz davomida fuqarolar bu hovli joylarda o‘zi va bolalari o‘sib-ungani, oilaviy xotiralari ham shu uylar bilan bog‘liqligini sabab qilib ko‘rsatgancha, bu yerlarni tashlab ketishni istamayotganiga guvoh bo‘ldik. Ammo fuqarolarning kompaniya ularni rozi qilib, mulki uchun so‘rayotgan mablag‘ni bersa, uylarini tashlab ketishga ham roziligi bizni hayron qoldirdi. Demak, qadriyatlar va xotiralarni sotish mumkin, yana mo‘may pulga. 

Biz surishtiruvimiz xolic bo‘lishi uchun har ikki tomonga quloq tutdik. To‘g‘ri, mulkdor o‘z mulkini istagan narxiga sotishga haqli. Uni hech kim nega bu pulga sotmayapsan, deb majburlay olmaydi. Lekin bozor qonuniyatlari va mulkning asl bahosi xohishlarimiz qaysi manzilgachaligini ko‘rsatib qo‘yadi. Buyog‘i sotib oluvchining halolligiyu sotuvchining insofiga qolgan gap. 

Eslatib o‘tamiz: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensasiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, hududlarni kompleks rivojlantirish, shu jumladan, muayyan hududning arxitektura qiyofasini o‘zgartirish va yaxshilashga qaratilgan davlat dasturlari hamda investisiya va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni (keyingi o‘rinlarda investisiya loyihalari deb ataladi) amalga oshirish doirasida yer uchastkasi yoki uning bir qismini olib qo‘yish yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Kengashlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga binoan amalga oshiriladi. 

Shuningdek, ushbu qorarda yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbuskori hamda olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektining mulkdori o‘rtasida tuziladigan yerni olib qo‘yish munosabati bilan kompensasiya berish to‘g‘risidagi kelishuv majburiy tarzda notarial tasdiqlanadi, deb ta’kidlab o‘tilgan. Bundan tashqari, ko‘chmas mulk ob’ektini buzib tashlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishga olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ekti mulkdoriga kelishuvda, nizo mavjud bo‘lgan hollarda esa sud qarorida, belgilangan kompensasiya to‘liq taqdim etilgandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi.

 

Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

270

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing