Ming afsuski, qurbonlar bor – Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar haqida
Jamiyat
−
03 iyul 2022
26695Nukusda bo‘lib o‘tgan namoyishlarda ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar bor. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
"Bir guruh shaxslar 1 iyul kuni Nukus shahrida soxta shiorlarni o‘ziga niqob qilib olgan holda, fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning fikrini chalg‘itib, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, tartibsizliklar keltirib chiqardi, mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini egallab olishga urindi.
Ular 2022 yil 2 iyul kuni jamoat tartibini buzishga qaratilgan harakatlarni to‘xtatish haqidagi talablarga quloq solmasdan, respublikaning ma’muriy markazidagi asosiy ko‘chalarda buzg‘unchi harakatlarni davom ettirdi.
Bundan tashqari, tartibsizliklarda qatnashgan ayrim kimsalar huquq-tartibot organlari xodimlari bilan to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishga, qo‘riqlanadigan hududlarga zo‘ravonlik bilan bostirib kirishga urindi, binolarga tosh va turli buyumlar otishdi.
Shahar bo‘ylab yurish davomida ular infratuzilma ob’ektlariga sezilarli darajada zarar yetkazishdi. Binolarning oynalarini sindirib, yong‘inlar sodir etishdi. Bir nechta guruhlar qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritish maqsadida Nukus shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga urinishdi.
Ushbu kimsalar son jihatiga ko‘ra nisbiy ustunlikdan foydalanib, huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilishdi, ularni ayovsiz kaltaklab, og‘ir tan jarohatlari yetkazishdi.
Ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar bor", deydi davlat rahbari.
LiveBarchasi