Milliy gvardiya futbol muxlislariga ogohlantirish bilan chiqdi 

Jamiyat

image

Milliy gvardiya bugun, 19 iyun kuni “Bunyodkor” stadionida 23 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi-2022 musobaqasining final o‘yini bo‘lib o‘tishi munosabati bilan futbol muxlislariga murojaat bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, Milliy gvardiya stadionga keladigan muxlislarga o‘zini tutish madaniyatini yodda tutishni, hakamlarga, futbolchilarga, jumladan, raqib jamoaga, stadion texnik xodimlariga hurmat ko‘rsatish zarurligini, tozalik va jamoat tartibini saqlashni eslatib o‘tgan.

“Stadionga taqiqlangan narsalarni: qurol-yarog‘, tez yonuvchi moddalar va buyumlar, dori vositalari (retsept yoki uning nusxasi ko‘rsatilganda shifokor ko‘rsatmasi bo‘yicha belgilangan miqdorda dori vositalaridan tashqari), oziq-ovqat va idishlarni; texnik jihozlar (mobil telefonlardan tashqari), himoya vositalari, xizmat asboblari va sport anjomlarini olib kelmang”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, ishqibozlardan shubhali narsalar, shuningdek, jamoat tartibini buzish holatlari aniqlangan taqdirda, ichki ishlar organlari xodimlariga yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga xabar berish so‘ralgan.

“Hurmatli muxlislar! Sizlarni madaniyatga chaqiramiz: o‘yinning borishidan, urilgan gollar yoki o‘tkazib yuborilgan gollar sonidan qat’i nazar, odobsiz so‘zlarni ishlatmang va bundan tashqari tartibsizliklarga olib keladigan chaqiriqlar, o‘yinning boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlik qilmang.

Jamoat tartibini buzish, tosh va boshqa narsalarni otish, haddan tashqari his-tuyg‘ularni ushlab turolmaslik va bundan tashqari, hujum bilan nizo qo‘zg‘atish sportchilar uchun yordam emasligini yodda tuting. Qolaversa, muxlislarning xulq-atvori sportchilarimizga va umuman davlatga bo‘lgan munosabatga bevosita ta’sir qiladi”, deyiladi murojaatda.

Shuningdek, Milliy gvardiya bezorilik, jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik tegishli tartibda javobgarlikka tortilishi haqida aytib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

587

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing